Yaponiya poytaxtida Osiyo yosh tomoshabinlar teatrlari xodimlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda 17 mamlakatdan 38 nafar vakil ishtirok etdi, deb yozadi O‘zA.

Foto: “Ingress-intel.com”

Osiyo yosh tomoshabinlar teatrlari festivali doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir bolalar va yoshlarga mo‘ljallangan teatrlar ishini tashkil etish va takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashish imkonini berdi. Ishtirokchilar o‘z teatri faoliyati, yutuq va rejalarini bayon etdi.

Ushbu uchrashuv “ASSITEJ” bolalar va yoshlar teatrlari arboblari xalqaro assotsiatsiyasi ko‘magida o‘tkazildi. Mazkur tashkilot dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi teatr va san’at arboblarini birlashtiradi.

– Bu uchrashuvda ishtirok etishdan asosiy maqsadimiz jahon bolalar teatrlari safiga qo‘shilish edi, – deydi O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri rejissori yordamchisi Sardor G‘oziyev. – Biz O‘zbekistonda teatrga davlat tomonidan katta e’tibor qaratilishi haqida batafsil so‘zlab berdik. Fikrlarimiz hamkasblarimizda katta taassurot uyg‘otdi. Ayrimlar yurtimizda teatr sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish istagini bildirdi. Biz Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Gruziya, Hindiston teatrlari spektakllarini tomosha qildik. Bu ijro va mavzularni taqqoslashga keng yo‘l ochdi. Milliy qadriyatlar va jahondagi o‘zgarishlarga monand mavzular teatrimiz repertuaridan joy olgani va to‘g‘ri yo‘naltirilganiga yana bir bor amin bo‘ldik.

Tokiodagi uchrashuv O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri uchun muvaffaqiyat keltirdi – muassasa endi “ASSITEJ”ning O‘zbekistondagi vakili sifatida xalqaro tadbirlarda qatnashish huquqiga ega bo‘ldi. Jumladan, uning vakillari Xitoy, Gruziya, Daniya va Hindistonda o‘tkaziladigan yosh tomoshabinlar teatrlari festivallarida ishtirok etadi.

Uchrashuvda 2019-yili Osiyo davlatlari yosh tomoshabinlar teatrlari uchrashuvini Toshkentda o‘tkazish taklifi kiritildi va ma’qullandi.