O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov futbol bo‘yicha mamlakat Superligasi startiga ikki kun vaqt qolganida hakam va nazoratchilarni bir yerga to‘pladi.

Foto: Getty Images

Yig‘ilishdan asosiy maqsad futbol referilari bilan ochiqcha gaplashib olish edi. Unda sport vaziri Shoakram Isroilov ham ishtirok etdi.

O‘zbek hakamlari dunyoda o‘z o‘rniga ega, chunki Ravshan Ermatovni hamma birdek hurmat qiladi. Lekin u hakamlik faoliyatini tugatsa, shu darajada ishlaydigan boshqa hakam bormi bizda? Ermatovning ishini kim davom ettiradi?

Yevropa va Osiyoning futboli rivojlangan mamlakatlari futbol federatsiyalari bilan memorandumlar imzoladik. Ulardan foydalanib, yosh hakamlarimiz uchun xorijda turli seminarlar tashkil qilib beramiz. Ular Yevropa jamoalari ishtirokidagi o‘yinlarni boshqarib, malakalarini oshirib boradi.

Umid Ahmadjonov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti

Foto: MOQ

Yaqindagina o‘zbekistonlik futbol hakamlari Turkiyaga tashrif buyurib, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida ishtirok etib qaytgandi. Shu vaqtgacha referilarga bunday e’tibor bo‘lmagan. Madomiki, ularga sharoit yaratib berilyaptimi, demak, O‘FA buning samarasini ham talab qilishga haqli bo‘ladi.

Endi hakamlarga O‘FA tomonidan alohida oylik-maosh tayinlanadi. Undan tashqari, reglamentda belgilanganidek har bir uchrashuv uchun hakamlarga tegishli miqdorda pul beriladi. Yaxshi hakamlik qilganlar uchun mukofot pullarini ham joriy qildik. Maqsad bitta — ular o‘yinlarni xolis va adolatli boshqarsin, qing‘irliklardan uzoqroq yursin.

Hakamlarga chetdan bosim o‘tkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Kim ularga bosim o‘tkazishga urinsa, O‘FA tomonidan jazolanadi. Hakam dahlsiz bo‘lishi shart. Ularning ishini faqatgina O‘FA rahbariyati nazorat qiladi va baholaydi. Shundan keyin ham qing‘irliklarga aralashishsa, poraxo‘rlik holati aniqlansa, o‘sha hakam futbol bilan bir umrga xayralashadi.

Chunki Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev futboldagi korrupsiyani qattiq qoralab, bu illatni yo‘qotishga astoyidil bel bog‘laganliklari hammaga ma’lum. Adolatli hakamlik bor joyda futbol rivojlanadi.

Umid Ahmadjonov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti

Yig‘ilishda ishtirok etgan Ravshan Ermatov O‘FA rahbariyatining talabini qo‘llab-quvvatladi. Avvalroq Umid Ahmadjonov bo‘lar-bo‘lmasga yotib olib, simulyatsiya qiladigan futbolchilarni jazolashga chaqirgandi. Bunday holatlar futbol tempiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgandi.

Futbolimizda yangi davr boshlanmoqda. Biz hakamlar endi mana shu davrga hamohang tarzda o‘zgacha ishtiyoq bilan ishlashimiz, malakamizni oshirib borishimiz kerak. Hakam qancha kam xatoga yo‘l qo‘ysa, uchrashuvlar shuncha qiziqarli va shiddatli o‘tadi.

Biz Yevropa futboliga intilib ishlashimiz lozim. Yevropada hakamlar maydonda kurash kechishiga imkon beradi. Hadeb hushtak chalaverib, o‘yinning shiddatini o‘ldirib qo‘ymaydi.

Ravshan Ermatov, FIFA referisi

Foto: MOQ

O‘zbekiston Superligasi 1-mart kuni rasman start oladi. 1-tur o‘yinlarining barchasi Sport-TV tomonidan jonli namoyish etiladi.