MOQ prezidenti va bir vaqtning o‘zida O‘FA birinchi vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib borayotgan Umid Ahmadjonov kecha — 27-fevral kuni har ikki tashkilot mutaxassislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: MOQ

Rahbari bir bo‘lgan ikki tashkilot bungacha bir yoqadan bosh chiqarib ishlashga kelishib olgandi. Sport vaziri Shoakram Isroilov ham ishtirok etgan yig‘ilishda futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalarining oldiga qanday vazifa qo‘yilayotgani borasida so‘z bordi.

Xitoydagi chempionlikni endi unutish kerak. Hozir asosiy maqsad Tokio—2020 Olimpiadasida va 2022-yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionatida ishtirok etish. Xalq bizdan shuni kutyapti. Buning uchun esa olimpiya termasini hozirdan shakllantirib borishimiz lozim.

Umid Ahmadjonov, MOQ prezidenti

Yuqoridagi ikki musobaqa eng asosiysi bo‘lsa-da, ungacha bo‘lgan yo‘lni ham unutmaslik kerakligi ta’kidlandi. Zero oldinda O‘zbekiston terma jamoalarini Indoneziyadagi Osiyo O‘yinlari hamda BAA mezbonlik qiladigan Osiyo Kubogi bellashuvlari kutib turibdi.

Birinchi navbatda bolalar futbolida tizim yaratishimiz zarur. Bu yil mingga yaqin musobaqa o‘tkazamiz deb e’lon qildik. Lekin ularda o‘zini ko‘rsatgan bolalar keyin qayerga boradi? Kim ularni saralab olib, terma jamoalarga nomzod sifatida ko‘rsatadi? Buning uchun seleksiya ishini kuchaytirishimiz shart. Seleksionerlar kerak bo‘lsa 10—15 kun viloyatlarda, chekka-chekka qishloqlarda yurib, iste’dodli bolalarni saralab olishi kerak. Shundagina musobaqalar o‘tkazishdan samara ko‘zlashimiz mumkin.

Umid Ahmadjonov, MOQ prezidenti

Yig‘ilishda futbol maktablari va akademiyalar rahbariyati bilan ishlash masalasi ham ko‘tarildi. Bundan ko‘zlangan maqsad — shaffoflikni ta’minlashdir.

Futbol maktablari va akademiyalardagi poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik kabi illatlarni yo‘qotishimiz zarur. Iste’dodi yo‘q, lekin puli borligi uchun futbol maktablarida yurgan bolalar bo‘lsa, ulardan voz kechish vaqti keldi. Aksincha, qobiliyati, iste’dodi bo‘la turib, futbolga qatnash imkoniyatiga ega bo‘lmagan kam ta’minlangan oilalar farzandlarini bepul futbol bilan shug‘ullanishlarini ta’minlash kerak. Akademiyalarga qabul jarayonlarida shaffoflik bo‘lsin, faqat munosiblargina imtihonlardan o‘tishini ta’minlashimiz darkor.

Umid Ahmadjonov, MOQ prezidenti