O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9—10-mart kunlari davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘ladi. Bu haqda, Tojikiston hukumatidagi manbaga asoslanib, Tojikistonning “Aziya-Plyus” agentligi xabar tarqatdi.

Foto: “RIA Novosti”

Avvalroq mart oyining boshida O‘zbekiston Prezidenti tashrif bilan Tojikistonda bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Sodiq Imomiyning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning tashrifi — “tarixiy voqea”.

Men buni tarixiy voqea deb atagan bo‘lardim. Yaqin kunlarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi amalga oshiriladi. Ikki tomon qizg‘in tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. Tojikistonda tashrifga oid tashkiliy masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu masala shaxsan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon nazoratiga olingan.

Sodiq Imomiy, Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi

Davlat tashrifi davomida o‘nlab hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. “Imzolanadigan hujjatlar xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlash, o‘zaro bordi-keldini kengaytirish imkoniyatlarini yaratadi. Viza rejimini soddalashtirishga intilishlar ham shundan dalolat bermoqda”, — dedi elchi O‘zAga bergan intervyusida.