Namangan shahrining turli dahalarida ichi kitob bilan to‘ldirilgan kitob javonlari paydo bo‘ldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “Namangan kitob olami”

Shahar kengashi deputati, tadbirkor Ma’rufxon Mo‘minov namanganlik kitob ixlosmandlari bilan birgalikda “Xalq kutubxonasi” deb nomlangan mazkur loyihaga qo‘l urdi.

— O‘zim deputat bo‘lib saylangan hududda shunday kitob javonlari o‘rnatishni reja qilgandim. Keyinchalik loyihani kengaytirib, butun shahar bo‘ylab jami 500 ta kitob javoni o‘rnatishga qaror qildik. Chunki bu ishning ijtimoiy ahamiyatini anglab yetgan ko‘plab hamfikrlar topildi, — deydi Ma’rufxon Mo‘minov.

Foto: “Namangan kitob olami”

Kitob javonlariga “Bir kitob oling, bir kitob qo‘ying” degan shior yozib qo‘yilgan. Nashrlarga esa “Kitobni o‘qing, ilm oling, lekin qaytarib kelishni unutmang” degan so‘zlar bitilgan.

Foto: “Namangan kitob olami”

Mazkur javonlarni dastlab o‘zlari kitoblar bilan to‘ldiradigan g‘oya mualliflari, keyinchalik mutolaa qiluvchilar ham turli adabiyotlarni keltirishiga umid qilmoqda.