WSB guruh bosqichi doirasida Cuba Domadores klubini qabul qilayotgan Uzbek Tigers boks jamoasi beshinchi jang boshlanmay turiboq, g‘alabani naqd qilib qo‘ydi.
Hasanboy Do‘stmatov va Shahobiddin Zoirovning g‘alabasidan keyin Iqbor Xoldorov -64 kilogramm vazn toifasida Endi Kruzga imkoniyatni boy bergandi. Boks kechasining to‘rtinchi jangida esa Isroil Madrimov Uzbek Tigers klubining g‘alabasini ta’minladi.
Shu kuni Isroil -75 kilogramm vazn toifasida Arlen Lopesga qarshi ringga chiqdi. Toshkentdagi “Universal” sport majmuasida o‘tgan jangda kubalik sportchi imkoniyatni boy berdi. U amaldagi jahon va Olimpiada chempioni edi.
Oldinda -91 kilogramm vazn toifasida Sarjar Tursunov Erislandi Savonga qarshi ringga chiqadi. Mazkur jang natijasi qanday bo‘lsa ham, Uzbek Tigers umumiy hisobda kubaliklarni taslim qilib bo‘ldi. Tomonlarning okean ortida kechgan ilk to‘qnashuvlarida Cuba Domadores 5:0 hisobida zafar quchishning uddasidan chiqa olgandi.
Uzbek Tigers — Cuba Domadores 3:1
- -49 kg: Hasanboy Do‘stmatov — Xoanis Argilagos 3:0
- -56 kg: Shahobiddin Zoirov — Robeysi Ramires 3:0
- -64 kg: Iqbol Xoldorov — Endi Kruz 1:2
- -75 kg: Isroil Madrimov — Arlen Lopes 3:0
- -91 kg: Sanjar Tursunov — Erislandi Savon
Izoh (0)