Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Sodiq Imomiy O‘zAga bergan intervyusida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar rivoji haqida gapirdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat tufayli so‘nggi yillarda nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqamizda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosatida qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Natijada mintaqamizga yangi hayot shabbodasi kirib keldi va hukmronlik qilmoqda.Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni mamlakatlar bilan chegara masalalarini hal etayotgani e’tirofga loyiq. O‘zbekiston rahbari eng avvalo qo‘shni mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda. Bu maqsadlar 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Ushbu hujjatda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnilik muhitini mustahkamlash, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish kabi masalalar ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi.
O‘tgan qisqa vaqtda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida tarixiy qadamlar tashlandi. Bunda O‘zbekistonning qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirayotgani, Afg‘onistonga alohida e’tibor qaratayotgani asosiy omil bo‘lmoqda. O‘zbekistonda bugungi kunda kechayotgan shiddatli o‘zgarishlar xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilmoqda.
O‘tgan qisqa vaqt davomida O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarida ham chuqur o‘zgarishlar yuz berdi. Ikki tomonlama hamkorlik barcha kompleks masalalarni yaxshilash nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilmoqda. Toshkent va Dushanbe o‘rtasida aviaqatnovlar tiklandi, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning majlislari o‘tkazildi, davlatlararo chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo delegatsiyalar ishchi guruhlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, turli sohalarda, xususan, madaniy-gumanitar sohadagi qo‘shma tadbirlar ham jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.
Shu kunlarda mamlakatlarimiz juda katta siyosiy voqea arafasida turibdi. Men buni tarixiy voqea deb atagan bo‘lardim. Yaqin kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi amalga oshiriladi. Ikki tomon qizg‘in tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. Tojikistonda tashrifga oid tashkiliy masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu masala shaxsan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon nazoratiga olingan.
Davlat tashrifi davomida o‘nlab muhim hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Shu sababli ham tayyorgarlik ishlarining qamrovi juda kengligini ta’kidlashni istardim.
Bir narsani ochiq aytaman, O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi ikki xalq o‘rtasidagi qadim-qadimdan davom etib kelayotgan do‘stlik munosabatlarida yangi sahifa ochadi. O‘zbek bilan tojik ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq. Bizni o‘zaro ajratuvchi jihatlar yo‘q, xalqlarimizni bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Ularning tafakkuri, turmush tarzi, e’tiqodi va qarashlari ham mushtarak.
Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatdan yangi pog‘onaga olib chiqadi, albatta. Imzolanadigan hujjatlar xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlash, o‘zaro bordi-keldini kengaytirish imkoniyatlarini yaratadi. Viza rejimini soddalashtirishga intilishlar ham shundan dalolat bermoqda.
Izoh (0)