Futbol bo‘yicha Fransiya chempionatining 27-turida “PSJ” 2-o‘rin uchun kurashayotgan “Marsel”ni qabul qildi va yirik g‘alabaga erishdi — 3:0.
Bellashuvda marsellik futbolchilar 1 ta golni avtogol tariqasida tortiq qildi. Qolgan 2 tasini esa Kilian Mbappe hamda Edinson Kavani urdi. Neymar Kavanining goliga uzatma bergani bilan yodda qoldi.
Biroq Neymar uchun 79-daqiqa omadsiz keldi. U oyog‘iga tayanishda jarohat oldi va stadionni ko‘zlaridagi yosh bilan tark etdi. Shifokorlar uni zambilda olib chiqib ketishgan.
Bungacha bosh murabbiyi Unai Emeri 3 ta o‘zgarishga qo‘l urib ulgurgandi. Shu boisdan u Neymarning o‘rniga hech kimni tushira olmadi. Parijliklar esa so‘nggi 10 daqiqani bir kishi kamroq bo‘lib tugatib qo‘ydi.
Braziliyalik hujumchining jarohati qanchalik jiddiy yoki jiddiy emasligi o‘rganib chiqilmoqda. Mavsum avvalida “PSJ” uni rekord summa — 222 million yevroga sotib olgandi. Neymar 7-mart kuni bo‘lib o‘tadigan “Real”ga qarshi o‘yinda maydonga tusha oladimi yoki yo‘q — hozircha ma’lum emas.
Izoh (0)