25-fevral kuni Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida 2018-yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Avvalgi Olimpiadalarda bo‘lgani singari, bunisida ham qiziqarli jihatlar ko‘p: ochilish marosimi, jahon rekordlari, g‘oliblik yo‘lidagi qahramonliklar, meksikalik chang‘ichilar, yamaykalik bobsleychilar va hokazo. Shunga qaramay, Pxyonchxan—2018 o‘yinlari olimpiya harakatida jiddiy muammolar borligini ko‘rsatib qo‘ydi, deb yozadi Meduza.

Foto: Meduza

Olimpiya o‘yinlari — kechirib bo‘lmas darajada qimmat

Bor-yo‘g‘i ikkita raqamni keltiramiz: Pxyonchxanda faqat Olimpiadaning ochilishi va yopilish uchun qurilgan stadionning qiymati 110 million dollarga teng — musobaqalardan so‘ng o‘z bag‘riga 35 ming tomoshabinni sig‘dira oladigan bu o‘yingoh buzib tashlanadi. Olimpiadaning barcha xarajatlari esa 12,4 milliard dollarni tashkil etdi, boshqachasiga aytganda — birinchi tasdiqlangan smetadan bir yarim barobar qimmatroqqa tushdi. Bu — ekologik soflikdan tashqari iqtisodiy tejamkorlik ham Olimpiya o‘yinlarining ramzlaridan biri deb e’lon qilingan vaqtda kuzatilayotgan holat.

Olimpiadani o‘tkazish yo‘lida amalga oshirilgan bunyodkorlik O‘yinlar yakuniga yetgach, turizmni rivojlantirish yoki aniq bir sport turining taraqqiyoti uchun xizmat qilishi, katta shaharning u yoki bu tushkun hududini obod joyga aylanishida yordam berishi mumkin. Biroq bunday bo‘lmasligi ham mumkin — bu holda har yili OAVda tashlandiq Olimpiya obyektlarining suratlari e’lon qilinaverishiga guvoh bo‘lamiz. Hozir Rio-de-Janeyrodagi olimpiya inshootlari bilan shunday bo‘lmaydi.

Foto: Meduza

Doping

Sportda katta natijalarga erishish bir qismi hali doping sifatida tan olinmagan, boshqalari esa doping deb topilgan dori vositalarini qabul qilish bilan bog‘liq. Shifokorlar va tibbiyotdagi amaldorlarning kurashi bir bu, bir u tomonning g‘alabasi bilan davom etmoqda, biroq turli tushunarsiz holatlarga ham sabab bo‘lmoqda. Masalan, salbiy ta’siri xalqaro tadqiqotlar bilan isbotlanmagan meldoniyning taqiqlanishi. Yoki tahlillaridan biror taqiqlangan modda topilmagan rossiyalik sportchilarning O‘yinlardan chetlatilishi. Yoki yana o‘sha meldoniyni bir marta iste’mol qilganlik uchun (va, katta ehtimol bilan, qasddan qilinmagan) medaldan mahrum qilish.

Doping — yomon, biroq Olimpiadaga bir necha kun qolganida Lozannadagi sport arbitraji bilan nizolashishgacha borgan Xalqaro olimpiya qo‘mitasining bu yomonlikka qarshi kurashi uslubi, umuman olganda, sportning sofligiga ham shubha bilan qarashga sabab bo‘lmoqda.

Namoyishdagi eskicha uslub

Olimpiadalarning asosiy vazifalaridan biri — sportni ommalashtirish, uning serqirra ekanini namoyish etishdir. Buning uchun Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ko‘p ishlar qilmoqda: dunyoning turli chekkalarida Olimpiadalar uyushtirmoqda, O‘yinlarga yuqori o‘rinlar uchun kurasha olmasligi oldindan aniq bo‘lgan sportchilarni ham taklif qilmoqda, butun jahon bo‘ylab translyatsiya litsenziyalarini muvaffaqiyatli sotmoqda.

Foto: Meduza

Shu bilan bir vaqtda olimpiya kontentini tarqatish bo‘yicha XOQning siyosati juda qat’iy. NXL, NBA va boshqa Amerika ligalaridagi qiziqarli vaziyatlarni mustaqil ravishda kesib, montaj qilib, ularni Internetga joylashtirilishi rag‘batlantirilayotgan bir vaqtda XOQ Olimpiadaning televizordan boshqa joyda ko‘rsatilishini taqiqlashga izchil urinmoqda.

Oqibatda translyatsiyalardan foyda ko‘rish maqsadi sportni ommalashtirish vazifasi bilan ziddiyatlashmoqda. Chunki hech narsa oltin medalni qo‘lga kiritganidan baxtiyor sportchilarning hayajoni, hozirgina g‘oliblikni qo‘lga kiritgan figurali uchuvchi qizning ko‘z yoshlari, biatlonchilarning fotofinishi va boshqa yana ko‘plab shunday takrorlanmas lahzalarning videoparchalari kabi sportga yangi tomoshabinlarni jalb qila olmaydi. Olimpiada — internetning mavjudligini go‘yoki unutib qo‘ygan, biroq aslida juda tomoshabop tadbirga aylanib qolgan.

Olimpiada o‘tkazsa bo‘ladigan joylarning cheklanganligi

Bu band yozgidan ko‘ra ko‘proq qishki Olimpiadalarga taalluqli. O‘zi jahonda qishki musobaqalarni o‘tkazish mumkin bo‘lgan joylar shundoq ham ko‘p emasdi, endi — global iqlim o‘zgarishi sabab — ularning soni yanada qisqarmoqda. Xususan, 2050-yilga borib Sochi va Grenoblning olimpiya kurortlarida qor yetarli bo‘lmasligi, Sarayevo, Vankuver va Osloda esa qor umuman bo‘lmasligi ehtimoli katta. Tabiiy qorning o‘rnini sun’iysi bilan to‘ldirsa ham bo‘ladi, biroq bu yechim hozircha qimmat va ekologik jihatdan ham shubhali.

Ko‘plab olimpiya sport turlari muammolar girdobida

Haroratning ko‘tarilib borayotgani ommaviy sportga ham ta’sir ko‘rsatmoqda — masalan, gollandlarning kanallarda konki uchishi tobora qiyinlashib boryapti, chunki bu suv havzalari yildan-yilga kamroq muzlayapti. So‘rovnomalarga ko‘ra, gollandlarning to‘rt uch qismida konki uchish uchun zarur vositalar bor, biroq ularning 17 foizigina qishda bir marta bo‘lsa ham bu vositalardan foydalangan, xolos.

Foto: Meduza

Rivojlangan mamlakatlarda tog‘-chang‘i sportiga bo‘lgan qiziqish, aftidan, o‘z cho‘qqisiga chiqib bo‘lgan: AQSh, Kanada, Fransiya, Shveysariya, Italiya, Yaponiyaning tog‘-chang‘i kurortlarida sport bilan shug‘ullanuvchilar soni kamaygani kuzatilgan. Buning asosiy sabablaridan biri — aholining keksayib borayotgani.

Boshqa sport turlarida esa boshqacha muammolar ham mavjud. Masalan, biatlon doping mojarolari girdobida; xokeyeyda (asosan, NXLda) teletranslyatsiyalar reytingi o‘smayapti; qator olimpiya sport turlarida favoritlar bir necha o‘n yillardan beri o‘zgarayotgani yo‘q — masalan, kyorlingda o‘nlab mamlakatlar musobaqalashadi, biroq har safar yo shvedlar, yo kanadaliklar g‘olib chiqadi (ba’zan norvegiyaliklarga ham omad kulib boqadi).

P.S.

Yuqorida sanab o‘tilgan sabablarning hech biri yaqin vaqt ichida Olimpiya o‘yinlarining o‘tkazilishi xavf ostida ekanini anglatmaydi. 2022-yilgi qishki Olimpiada mezbonligi uchun Pekin va Olmaota faol kurash olib bordi, 2026-yilgi O‘yinlar uchun esa rivojlangan davlatlardan ham, rivojlanayotgan davlatlardan ham o‘nlab da’vogar shaharlar bor.