Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi startiga 5 kun vaqt qolganida, mamlakat Pro-Ligasida to‘p suradigan 16 ta jamoa nomiga aniqlik kiritildi. 2018-yil davomida ular Superliga harakatida bo‘ladi.

Foto: PFL

Pro-Liga klublarini aniqlab olishda PFL komissiyasi jamoalar oldiga qo‘yilgan talablarning qay tariqa bajarilganiga e’tibor qaratgan. Missiyani uddalagan 16 ta klub faoliyatini davom ettirish huquqini qo‘lga kiritdi. O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra Oliy Liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan “Sementchi” klubi esa ko‘rinishidan PFL talablarini bajara olmagan. Boisi jamoa ishtirokchilar orasida yo‘q.

Pro-Liga ishtirokchilari

  • “Mash’al” (Muborak shahri)
  • “Sho‘rtan” (G‘uzor shahri)
  • “Dinamo” (Samarqand shahri)
  • “Istiqlol” (Quvasoy shahri)
  • “Yozyovon” (Yozyovon tumani)
  • “Xotira-79” (Uychi tumani)
  • “Iftixor” (Yoshlar Ittifoqi jamoasi)
  • “Zomin” (Zomin tumani)
  • “Xorazm” (Urganch shahri)
  • “Andijon” (Andijon shahri)
  • “Orol” (Nukus shahri)
  • “G‘ijduvon” (G‘ijduvon tumani)
  • “Surxon” (Termiz shahri)
  • “Bunyodkor-2” (Toshkent shahri)
  • “Paxtakor-2” (Toshkent shahri)
  • “Lokomotiv BFK” (Toshkent shahri)

Avvalroq PFL O‘zbekistonning har bir viloyatida Superliga yoki Pro-Ligada to‘p suradigan jamoa bo‘lishi kerakligi borasida aytib o‘tgandi. Bu talabni faqatgina Sirdaryo bajara olmagan. Viloyat rahbariyati “Yangiyer” klubining infratuzilmasini yaxshilab olish uchun 1 yil vaqt so‘ragan. Shuningdek, Navoiy viloyatining Superligada “Qizilqum” klubi bor ekani inobatga olinib, Pro-Ligaga ishtirokchi qo‘shilmagan. Qolgan viloyatlarda esa minimum talab bajarilgan.

Pro-Liga ishtirokchilari orasida eng kutilmagan jamoa “Iftixor” bo‘ldi. Yoshlar Ittifoqi tashkilotining jamoasi sifatida tanishtirilgan klub Superliga yo‘lida kurash olib boradi. Shuningdek, Toshkentning grand klublariga tegishli bo‘lgan farm-klublar ham Pro-Ligada raqobatga kirishadi.