Yuqori Misrning al-Minya viloyatida, Qohiradan 300 kilometr janubda kohinlar qabristoni topildi. Arxeologik kashfiyot haqida Misrning qadimiyat ishlari vaziri Xolid Ahmad al-Ananiy gapirib berdi, deb xabar qiladi “Korrespondent.net”.

Foto: EPA

Uning so‘zlariga qaraganda, qazishma ishlari 2017-yil noyabrida boshlangan edi. Bir necha dafn shaxtalari aniqlandi. U yerda 6–8 metr chuqurlikda 40 ta tosh va yog‘och sarkofag topildi.

Sarkofaglardan 17 ta mukammal saqlangan mumiya, shuningdek, turli bezaklar, niqoblar, tumorlar, idish-tovoq va mingdan ortiq haykalchalar qazib chiqarildi.

“Bu hali boshlanishi, — dedi al-Ananiy. — O‘ylashimcha, kamida yana beshta ekspeditsiya o‘tkazishimiz lozim. Lekin bir narsa ma’lum: tez orada mamlakatning bu qismida yangi arxeologik osori atiqa paydo bo‘ladi”.