O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi davlat rahbari tomonidan Osiyo Chempionatida g‘olib chiqqan futbolchilarga topshirilgan Malibu avtomashinalarini rasmiylashtirish uchun sovg‘a egalaridan pul talab qilmagan. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti ma’lumot berdi.

Foto: “Championat.asia”

Bungacha “Ozodlik” Malibu avtomobilini qo‘lga kiritgan futbolchilardan sovg‘ani rasmiylashtirish uchun pul talab qilinayotgani borasida xabar chop etgandi. Xabarda mashina olgan futbolchilar 10 ming AQSh dollaridan berishlari kerakligi aytilgan.

O‘FA bu kabi xabarlar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qildi. Tashkilotning aytishicha, Prezident tomonidan topshirilgan sovg‘alar uchun qo‘shimcha to‘lov talab qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Futbolchilar bo‘lajak musobaqalardan chalg‘imasligi uchun O‘FA mashinalarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olgan.

“Championat.asia” nashri mazkur xabar yuzasidan O‘zbekiston U23 termasi safida maydonga tushgan ayrim futbolchilar bilan bog‘landi. Avtomashina sohiblari ham bu kabi xabarlar asossiz ekani haqida ma’lumot berdi.

Vaziyatni ochiqlash uchun UzA futbolga javobgar tashkilot bosh kotibi Sardor Rahmatullayev bilan bog‘langan. Rahmatullayev “Ozodlik”dagi xabarni bo‘lmagan gap deb, rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayon nihoyasiga yetgani, chempionlar yaqinda sertifikatlarni qo‘lga kiritishi haqida ma’lum bergan. Shuningdek, terma bosh murabbiyi Ravshan Haydarov ulardan 10 ming dollar so‘ralgani borasidagi xabarni tuhmat deb atagan.