O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati 24-fevral kuni idoraning 2000—2015-yillardagi rahbari Rashidjon Qodirovga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida bayonot berdi. Bayonotda ish qachon ochilgani ma’lum qilinmagan, biroq Rashidjon Qodirovning o‘zi 23-fevral kuni ushlangani aytilgan. Vaholanki, bir kun avval — 23-fevral kuni Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi sobiq bosh prokurorga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqidagi xabarlarni rad etgandi. Qodirovning ushlangani haqidagi mish-mishlar esa 22-fevraldayoq tarqalib ulgurgandi.

Mamlakatimiz jamoatchiligi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, sizu biz kabi internet foydalanuvchilari davlat tashkilotlarining, amal egalarining bunday — bo‘lgan voqeani “bo‘lmadi” deb, vaziyatdan chiqishga beo‘xshov urinishi va oxir-oqibat mulzam bo‘lib qolishiga birinchi marta guvoh bo‘layotgani yo‘q. Birgina 5 ming, 10 ming va 50 ming so‘mlik milliy banknotalarning muomalaga chiqarilishi bilan bog‘liq g‘aroyib tarixning o‘ziyoq aslida hamma uchun, eng asosiysi, davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari va matbuot xizmatlari uchun jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha tekin va tengsiz saboq bo‘lishi lozim. Edi. Biroq, endi “Rashidjon Qodirovning ushlanishi tarixi” deb atasa bo‘ladigan joriy voqelik saboq uchun hali kamida ikki-uch qovun pishig‘i borligini isbotladi, shekilli.

Hozir birovga nima qilish kerakligini o‘rgatadigan zamon emas, ha. Lekin o‘ng qo‘lning imzosi turgan qarorlardan chap qo‘l bexabar qolayotganini, pastki qavatdagilarning xatosidan yuqori qavatdagilarning xulosa chiqarmayotganini ko‘rib, biror o‘zgarish bo‘lishiga ko‘p umid qilmasang-da, jim turishni o‘ziga ayb sanarkan kishi. Qarasang pand-nasihatga ham o‘xshab ko‘rinadigan bu gaplar aniq bir tashkilot, konkret bir idoraga qaratilmagan — muammo (agar buni muammo deb atab bo‘lsa) deyarli har yerda qariyb bir xil, shuning uchun — fikrlar ham umumga.

Mana shu — o‘z vaqtida katta qudrat egasi bo‘lgan bir kishining qo‘lga olinishi bilan bog‘liq hodisani olaylik. Avvalo, bu — katta hodisa. Masalan, Ahmadboyning qo‘lga olinishi ham xuddi shunday miqyosdagi voqea edi. Katta hodisalarning ro‘y berishida ko‘pchilik ishtirok etadi. Ularning biri bo‘lmasa boshqasi yo bilmay, yo qasddan ma’lumotlarni chala-chulpa oshkor etishi mumkin. Ahmadboy bilan bog‘liq holatda birov keyinchalik rad etishga majbur qiladigan ma’lumotni sizdirishga ulgurmagan — davlat organlari oldindan o‘ylangan reja asosida shu qadar aniq va puxta ishlaganki, u qo‘lga olinishi bilan ortiqcha mish-mishga o‘rin qoldirmaydigan axborot jamoatchilikka taqdim etilgan.

Rashidjon Qodirov bilan unday bo‘lmadi — 22-fevral kuni “dushman ovozlari” unga nisbatan ish ochilgani, u qo‘lga olingani haqida xabar tarqatdi. 23-fevral kuni bu masalaga aniqlik kiritishga uringan O‘zbekiston nashrlariga “bo‘lmagan gap, aka” degandek javob qaytarildi. 24-fevralda esa “dushman ovozlari” ikki kun avval tarqatgan xabar rostligi tan olindi. Bosh prokuratura bayonotida “falon xorijiy OAVda ikki kun avval e’lon qilingan xabar rost edi” deb yozilmagan, albatta. Lekin idoraning quruq rasmiy tilda yozilgan so‘nggi bayonoti hozirgi zamon o‘zbek tiliga shunday tarjima qilinadi.

Vaholanki, hammasi xuddi Ahmadboyning ishi kabi juda oddiy bo‘lishi ham mumkin edi — jinoiy ish ochilgan kuni ish ochilgani haqida, gumonlanuvchi qo‘lga olingan kuni esa u qo‘lga olingani haqida 24-fevraldagi kabi qisqa axborot berilsa kifoya. Juda bo‘lmasa, agar rostini aytish imkoni (jur’ati) bo‘lmasa, barcha mish-mishlarni rad etuvchi yo tasdiqlovchi rasmiy axborot e’lon qilinguniga qadar, inglizchasiga “No comment” deb turgan ma’qul — bu mish-mish bolalashini jim kuzatish bilan teng va, har holda, allaqachon yuz bergan, odamlar bilib bo‘lgan hodisani “bo‘lmagan” deb rad etishdan, yolg‘onchiga aylanishdan va “O‘zbekiston haqida muntazam ravishda noxolis axborot tarqatuvchi”larga bo‘lgan ishonchni oshirishdan ko‘ra yaxshiroq.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.