Nafaqat Hindiston, balki butun dunyo bo‘yicha eng ko‘p tashrif buyuriladigan sayyohlik obyektlaridan biri, XVII asrga tegishli maqbara — Tojmahal asta-sekinlik bilan vayron bo‘lib bormoqda, yaqinda aniqlangan faktlar esa ushbu yodgorlikning kelajagi haqida jiddiy bosh qotirishga majbur qiladi, deb yozadi Travel Ask.

Foto: “Airpano.com”

Tojmahalning tashqi devorlari va gumbazi oq marmar bilan qoplangan bo‘lib, u quyoshli kunda ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq tusga kirsa, ufq nurlari ostida qip-qizil tus oladi, tunda esa oyning kumush shu’lasini aks ettiradi.

Majmuani asrab-avaylash maqsadida uni YuNESKOning jahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritishgan. U mamlakatga katta daromad keltiradi, chunki yiliga o‘n minglab sayyohlarni jalb qiladi. Maqbaraga avtomobilda yaqin kelib bo‘lmaydi: transportni maxsus turargohda qoldirib, piyoda yurishga to‘g‘ri keladi. Bu ishlangan gazlar inshootga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun qilingan. Bundan tashqari, yodgorlikning oppoq tusini buzmasligi uchun, mamlakat rahbariyati Agradagi bir qator sanoat korxonalarini yopib qo‘ygan.

Yaqinda esa Tojmahal devorlarida yoriqlar aniqlandi. Olimlar bunga yaqindan oqib o‘tadigan Jamna daryosining sayozlanishi sabab bo‘lganini aytmoqda. Gap shundaki, Hindistonning ushbu hududida so‘nggi yillarda iqlimning aridizatsiyasi (namlikning kamayishi jarayoni) kuzatilmoqda: yog‘inlar tobora kamroq tushmoqda, qurg‘oqchilik esa davomiyroq bo‘lib bormoqda. Sayozlanayotgan daryo shunga olib keldiki, tuproq tuzilishida o‘zgarishlar yuz berdi va yer cho‘kishi kuzatildi. Bu jarayonni qanday to‘xtatish mumkinligini mutaxassislar hozircha bilmayapti, shu sababli Tojmahalning bus-butunligi olimlar va jamoatchilik orasida jiddiy xavotirni keltirib chiqarmoqda.