O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Dubayga jo‘nab ketdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: MOQ

Safardan ko‘zlangan maqsad — O‘zbekiston milliy terma jamoasining bo‘lajak bosh murabbiyi bilan uchrashishdir. Tomonlar muzokara stoliga 23-fevral kuni o‘tirishni rejalashtirgan.

Aytilishicha, nomi sir tutilayotgan mutaxassis o‘z jamoasini Rossiya—2018 mundialiga tayyorlantirmoqda. Shu bois mundial yakuniga yetguniga qadar o‘z ismi oshkor etilmasligini so‘ragan va Umid Ahmadjonov buni qabul qilgan.

Yangi murabbiy O‘zbekiston milliy terma jamoasini JCh—2022 dan tashqari, Osiyo Kubogi—2019 ga ham tayyorlashi kerak bo‘ladi. Uning tashrifi esa Rossiyadagi Jahon Chempionatidan keyinga to‘g‘ri keladi. FIFA nizomlariga ko‘ra, shartnomasi yakuniga 6 oy vaqt qolganda futbolchi va murabbiylar o‘zlariga bo‘layotgan takliflar borasida muzokara boshlashga haqli. Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonga tashrifi kutilayotgan murabbiy ham O‘FA bilan muzokara boshlash huquqiga ega.