Tovar xomashyo birjasi Play-mobile kontent-provayder bilan birgalikda mijozlarni SMS-xabarlash bo‘yicha bir qator loyihalarni joriy qildi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: UZ24

Hozirgi kunda ushbu loyihalar birjaning “Avtoraqam” savdo platformasida faoliyat yurituvchi onlayn auksion ishtirokchilari hamda birja savdolarida mineral o‘g‘itlarni xaridorlari sifatida qatnashib kelayotgan fermer xo‘jaliklari uchun taqdim etilmoqda.

Avtohavaskorlar SMS-xabarlash xizmati orqali qiziqtirayotgan avtoraqamlarni savdoga qo‘yilishi bo‘yicha ma’lumotlarni tezkor olishi hamda muayyan lotga obuna bo‘lib, uning holatini muntazam ravishda kuzatib borishi mumkin. Bu esa mijozga qiziqtirayotgan avtoraqam bo‘yicha savdo vaqtini o‘tkazib yubormaslik va sotib olingan avtoraqam to‘lovini amalga oshirishning aniq vaqti va uni ro‘yxatdan o‘tkazish joyini bilib olish imkonini beradi.

Birja tomonidan SMS-xabarlash bo‘yicha joriy etilgan ikkinchi xizmat turi fermer xo‘jaliklariga bepul asosda taqdim etilmoqda. Ushbu loyiha mineral o‘g‘itlarni fermer xo‘jaliklariga birja savdolari orqali sotish bo‘yicha ishlab chiqilgan tajriba loyihasi doirasida ishga tushirildi. Mineral o‘g‘itlar bo‘yicha shakllangan kotirovkalar fermerlar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan mobil aloqa raqamiga haftada ikki marta avtomatik ravishda yuboriladi.