O‘zbekiston milliy terma jamoasiga vaqtincha bosh murabbiy etib tayinlangan Timur Kapadze MOQ matbuot xizmati boshlig‘i Zafar Imomxo‘jayev bilan suhbatda bo‘ldi va hammasi qanday bo‘lgani-yu, kelajakdagi rejalari haqida gapirib berdi.

Umid Ahmadjonov: Timur Kapadze futbolni endigina tugatdi. Ayni vaqtda u futbolchilarni hammadan yaxshiroq tushunadi

Foto: MOQ

Qo‘ng‘iroq qilib federatsiyaga chaqirishdi, hayron bo‘ldim. Umid Ahmadjonovning yonlariga kirganimdan so‘nggina barchasini eshitdim. Boshida yoshlar jamoasi deb o‘yladim. Yo‘q, milliy terma deyilgach esa yordamchi bo‘libmi deya savol berdim.

Vaqtinchalik bosh murabbiy bo‘lish uchun Superligada ishlayotgan mutaxassislarni jalb etish noto‘g‘ri bo‘lishini, bu uning klubdagi ishiga halal berishini aytishdi. Keyinchalik chet eldan keladigan murabbiyga muhitni tanishtirib, yordam berishim mumkinligini tushuntirishdi. Bu men uchun juda kutilmagan voqea edi. Shunday ishonchga loyiq ko‘rilganimdan xursand bo‘ldim.

Vazifa zimmamga juda katta mas’uliyat yuklashini tushunib turibman. Ishonchni oqlashga qo‘limdan kelganicha harakat qilaman. Yigitlarni yaxshi bilaman, shu tomondan menga biroz oson bo‘lishi mumkin. Bunday yuksak ishonch uchun O‘FA rahbariyati va shaxsan Umid Ahmadjonovga minnatdorchilik bildiraman.

Timur Kapadze, O‘zbekiston MTJga vaqtincha bosh murabbiy

Foto: MOQ

Kapadze bungacha milliy terma jamoaning Senegal va Marokashga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari uchun kengaytirilgan tarkibini e’lon qilib ulgurgandi.

Timur Kapadzedan birinchi qadam: O‘zbekiston milliy termasining Senegal va Marokashga qarshi kengaytirilgan tarkibi aniq

Tarkib tanlashda birinchi navbatda Ravshan Haydarov bilan gaplashdim. Yaqindagina Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan futbolchilardan bir nechtasini tarkibga jalb etishni maqsad qilgandim. Biroq martda ularning ham o‘z o‘yinlari bor. 21 va 25-mart kunlari jamoamiz Osiyo O‘yinlariga tayyorgarlik doirasida Saudiyaga qarshi nazorat uchrashuvlari o‘tkazadi. Shunday bo‘lsa-da, 4—5 yosh futbolchini yig‘inga jalb etdik. Tarkibda legionerlarimiz ham bor. Marokashga jami 23 nafar futbolchi yo‘l oladi. Ungacha Chempionlar Ligasi va Superliga o‘yinlari mavjud. Futbolda kutilmagan jarohatlar bor, o‘sha vaqtda kimningdir jismoniy va funksional holatida pasayish kuzatilishi mumkin. Shundan kelib chiqib, kengaytirilgan tarkibga 30 futbolchini tanlab oldik.

Timur Kapadze, O‘zbekiston MTJga vaqtincha bosh murabbiy

Foto: Getty Images

O‘tgan mavsum futbolni yakunlagan Kapadze, endi sobiq jamoadoshlari va do‘stlariga boshchilik qilishi kerak. Xo‘sh, futbolchilar buni qanday qabul qilishi mumkin?

Terma jalb etilgan “Lokomotiv” futbolchilarining 6—7 nafari bilan maydonda sardor sifatida o‘ynaganman. Ular meni hurmat qiladi, kerakli paytda doimo maslahatlarimni beraman. Qolaversa, “C” va “B” litsenziyalari uchun o‘qidim. Aytmoqchimanki, murabbiylikni kechagina boshlaganim yo‘q. Bunga ikki yil davomida ruhiy tayyorgarlik ko‘rganman. Shuning uchun futbolchilar bilan bosh murabbiy sifatida tezda til topishib keta olamiz, deb o‘ylayman. Oldimizda bitta vazifa bor — milliy terma jamoani kuchaytirib, barchasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish. Buni yigitlarga tushuntira olaman.

Timur Kapadze, O‘zbekiston MTJga vaqtincha bosh murabbiy

Foto: MOQ

Kapadze milliy termaning Kasablankaga bo‘ladigan safari oldidan Aziz Haydarov, Server Jeparov kabi yetakchi futbolchilarni tarkibga kiritmadi. Vaholanki, ayni vaqtdagi murabbiy ular bilan bir necha yillar davomida birga to‘p tepgan va qalin do‘st bo‘lgan.

Server Jeparov: Timur Kapadzeni yaxshi bilaman. U o‘ziga topshirilgan ishni uddalay oladi

Bu eng avvalo kelajak uchun qilinayotgan ish. Yoshlar orasida ham kuchli futbolchilar bor. Ilk vazifa tarkibni yoshartirib borish. Osiyo O‘yinlari, qit’a chempionati, Tokio—2020 o‘yinlari, JCh saralashi kutib turibdi. Shuning uchun kelishilgan holda tarkibga Server Jeparovni ham, Aziz Haydarovni ham chaqirmadik. Tarkib yosharayotgani sabab, yig‘inga ularni ovora qilishni istamadim. Futbolda avlodlar almashinuvi tabiiy bir jarayon. Buni barcha professional futbolchilar tushunishi va to‘g‘ri qabul qilishi lozim.

Serverga barchasini tushuntirdim. U ham qarorimni to‘g‘ri qabul qildi. Jeparov 35 yoshda. Balki chet ellik murabbiy kelib, uni yana jamoaga chaqirar. Server nimaga qodir ekanini barchamiz bilamiz, shunga to‘p surayotgan klubidan bezovta qilmadim. Azizga ham barchasini shunday tushuntirdim va ular to‘g‘ri qabul qilishdi.

Timur Kapadze, O‘zbekiston MTJga vaqtincha bosh murabbiy

Foto: Getty Images

Senegal va Marokash terma jamoalari bilan o‘zbekistonlik futbolchilar hozirgacha to‘qnash kelmagan. Kapadzening fikricha, bu biz uchun qiziq o‘yin bo‘ladi.

Senegal va Marokash JCh—2018 da ishtirok etadi. Bu narsa ularning kuchini ko‘rsatib turibdi. Shu taraflama to‘qnashuvlar biz uchun qiziq bo‘ladi. Bunday termalar bilan hali o‘ynamaganmiz. Ishonamanki, bizning ham ulardan kam joyimiz yo‘q. Bu yosh futbolchilar uchun yaxshigina maktab bo‘lib xizmat qiladi. Milliy termaga ana shunday kuchli sparring raqiblar topib berayotgan O‘FA rahbariyatidan minnatdor bo‘lish kerak.

Timur Kapadze, O‘zbekiston MTJga vaqtincha bosh murabbiy

Foto: AFC

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov termaga xorijdan mutaxassis kelishi haqida aytib o‘tgandi. Ko‘rinishidan, keyinroq Kapadze unga yordamchi bo‘ladi.

Chetdan keladigan mutaxassisga ichki muhitni his qilish, futbolchilar imkoniyatini bilish nihoyatda muhim. Buning eng to‘g‘ri yo‘li mahalliy mutaxassislardan birortasini unga assisent sifatida biriktirish edi. Menimcha, Umid Ahmadjonov shu tarafdan to‘g‘ri qarorga kelgan. Asosiy murabbiy kelguna qadar jamoani yaxshi tayyorlab, keyin unga topshiraman. Shunda unga oson bo‘ladi. Qolaversa, o‘zim uning ish tajribasini o‘rganaman. Bu men uchun katta maktab. Murabbiy sifatida shakllanishimga, o‘sishimga imkoniyat yaratadi.

Timur Kapadze, O‘zbekiston MTJga vaqtincha bosh murabbiy

Kapadze futbolchilik davrida bir qator mutaxassislar bilan ishlagan va ulardan nimanidir o‘rgangan.

Bilasizmi, ish faoliyatimda kuchli murabbiylar ko‘p bo‘lgan. Ularning birini boshqasidan ajratishni xohlamayman. Har biridan nimadir olganman. Birinchi murabbiyim otam bo‘lgan. Keyin “Neftchi”da 4 yil Yuriy Sarkisyan qo‘l ostida o‘ynadim. “Paxtakor”da Tachmurat Agamuradov, keyinchalik Ravshan Haydarov, Valeriy Nepomnyashiy kabi mutaxassislar faoliyat ko‘rsatdi. Termada Rauf Ineleyev, Mirjalol Qosimov, Vadim Abramov, Yurgen Gyode, Bob Xouton... Hammasi bilan ishlash men uchun katta tajriba bo‘ldi. Har birining o‘z uslubi bo‘lgan.

Timur Kapadze, O‘zbekiston MTJga vaqtincha bosh murabbiy

Foto: OFK

Kapadze murabbiylar shtabiga Andrey Fyodorov va Petr Gizimchukni taklif qildi. Bunda ikkinchi mutaxassis darvozabonlar bilan ishlashi ko‘zda tutilgan.

Rahbariyat va albatta muxlislar yuzini yerga qaratmay, O‘zbekiston milliy terma jamoasining obro‘sini ko‘tarish uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilaman. Mamlakatimizda sportni rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratayotgan, sohani bevosita o‘z nazoratida ushlab turgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyovga ham minnatorchilik izhor etaman.

Timur Kapadze, O‘zbekiston MTJga vaqtincha bosh murabbiy