Abdulla Qodiriydan nafaqat buyuk asarlar, balki adib o‘z qo‘li bilan yaratgan bog‘, eskizlarini Peterburgdan keltirib qurdirgan uy, shiypon va ko‘pgina yodgorliklar ham meros qolgan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

1956-yilda Qodiriy nomi oqlandi, cho‘chqaxona va faytunlar turargohiga aylantirilgan hovli Qodiriy farzandlariga qaytarildi, ammo unga muzey maqomi berilmadi. Uy aslida muzey tugul katta madaniy dargohga aylantirishga arzisa-da bu ishlarga hech kim bosh qo‘shmadi.

1989-yili Abdulla Qodiriyning farzandi Ma’sud Qodiriy otasining 95 yillik yubileyida uni yod etish uchun yig‘ilgan ziyolilardan yana uyni muzeyga aylantirishni so‘rab, iltimos qiladi, ammo yana natija yo‘q. 1994-yilda yana bu ish ko‘tariladi, biroq bugungi kunda u yerda yashab kelayotgan Qodiriy avlodlarini boshqa uyga ko‘chirish masalasi ko‘ndalang bo‘lib, masala yana chala qoladi.

Muzeyni tashkil etish bo‘yicha bir necha tashkilotlarga xat bilan chiqqan Xondamir Qodiriy shunday deydi: “Abdulla Qodiriy uyini muzeyga aylantirish masalasi bo‘yicha o‘tgan yili fevral oyida xat yozib Prezident devoniga murojaat qildik. Devondan bu ish Yozuvchilar uyushmasiga tegishli ekani haqida xat keldi va ushbu masala yuzasidan uyushmaga chiqishimiz so‘raldi. Biz, Qodiriylar avlodidan 25 nafar kishi imzo chekib uyushma, Madaniyat vazirligiga murojaat qildik. Ammo masala hal bo‘lmadi”.

Vazirlik Abdulla Qodiriydek buyuk adib uyini muzeyga aylantirishda “katta mablag‘” talab etilishini va bu ishdagi ayrim holatlar vazirlik vakolatidan tashqari ekanligini vaj qilib ko‘rsatadi.

“Uy-muzeyi tashkil qilish uchun uy hududini asl holatiga keltirish kerak, bu esa, o‘z navbatida, katta mablag‘ni talab etadi. Shuningdek, uy-muzeyi tashkil etish uchun A. Qodiriyning oila a’zolarini boshqa uy-joy bilan ta’minlash masalasi Madaniyat vazirligining vakolat doirasiga kirmasligini va bu masala Toshkent shahar hokimligi tomonidan hal etilishi mumkinligini ma’lum qilamiz”.

Xatda yana vazirlik muzey tashkil etish uchun eksponat va inventarlar yetishmasligini ham sabab qilib ko‘rsatgan. Madaniyat vazirligining ushbu “madaniyat”li javobiga K. Akilova imzo chekkan.

Adibning nevarasi Xondamir Qodiriyga ko‘ra, Adabiyot muzeyida Qodiriyga tegishli eksponatlar mavjud bo‘lib, uy-muzey tashkil etilsa, bu yodgorliklar adib hovlisiga qaytariladi. Uyda hozirda avlodlar tomonidan adibga tegishli bo‘lgan bir qancha buyumlar saqlanmoqda.

Madaniyat vazirligining mablag‘ va eksponatni bahona qilishidan tashqari u taklif etgan yangilik yanayam kishini taajublantiradi. Xatga ko‘ra, Qodiriyga tegishli buyumlarni kelajak avlodga butun holda yetkazish uchun Toshkentda barpo etilgan Yozuvchilar uyushmasidan alohida bo‘lim ajratib, unda mazkur buyumlarni saqlash maqsadga muvofiq bo‘lar ekan.

Qodiriyning o‘z qo‘llari bilan yaratgan bog‘lari, qurgan shiyponlari qolib, uning tabarruk hovlisidan voz kechilib, uyushmadan xona ajratish kulgili emasmi?