Siyosatchi Aleksey Navalniyning sayti Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi nazorat bo‘yicha federal xizmat (“Roskomnadzor”) talabi bilan Rossiyada bloklab qo‘yilgan, deb yozadi Meduza. Bunga sabab — Navalniy hukumat bosh vazir o‘rinbosariga pora berganlikda ayblagan milliarder Oleg Deripaska da’vosi bo‘yicha sud ajrimi. Deripaskagacha Navalniy bilan sudlashishga boshqa bir milliarder — Alisher Usmonov urinib ko‘rgan. Bu ikkala da’volashuvning taqdiri bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydi.

Foto: AFP

Tekshiruv

2017-yilning 2-martida Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KKF) bosh vazir Dmitriy Medvedev foydalanadigan ko‘chmas mulk va yaxtalar haqida olib borilgan tadqiqotni e’lon qildi. “U sizga Dimon emas” filmida milliarder Alisher Usmonov soxta fondlar orqali Medvedevga 5 milliard rubllik hovli-joy sovg‘a qilish orqali pora bergani aytilgandi.

2018-yilning 8-fevralida esa KKF milliarder Oleg Deripaska haqidagi tekshiruvni e’lon qildi. Unda Navalniy tadbirkor bosh vazir o‘rinbosari Sergey Prixodko bilan birga yaxtada dam olgani haqida gapirib bergan. Birgalikdagi bunday hordiqni Navalniy milliarder tomonidan mansabdorga berilgan pora deb atadi. Deripaska va Prixodkoning suratlarini Nastya Ribka (Anastasiya Vashukevich)ning Instagram’idan topishdi.

Munosabat

Dmitriy Medvedev Navalniyning tekshiruviga bir oydan keyingina javob qildi va uni safsata deb atadi. Alisher Usmonov ikki oydan keyin Navalniyga atalgan ikkita videomurojaatini e’lon qildi.

Oleg Deripaska va bosh vazir o‘rinbosari Sergey Prixodko Navalniyning tekshiruviga kun davomida javob qaytardi — ikkalasi ham o‘z vakillari orqali qisqa press-relizlarni yubordi. Ular tadqiqotni yolg‘on va gij-gijlash deb atab, sudga murojaat qilishga va’da berdi.

Sud da’vosi

Usmonov Navalniyning “tadqiqoti”dan bir oy o‘tib, uni va KKFni tuhmat uchun sudga berdi. Milliarder uning sha’nini bulg‘aydigan gaplarni rad etib, “U sizga Dimon emas” filmining tegishli parchalarini o‘chirishni talab qildi.

Deripaska Navalniyning tekshiruvi e’lon qilinganining ertasi kuni sudga murojaat qildi. Ammo da’vo Navalniyga emas, Nastya Ribkaga qarshi berildi. Tekshiruvning o‘ziga Deripaska e’tiroz bildirmayapti: da’voda u Ribkaning Instagram’idan, shuningdek, Navalniyning sayti va YouTube’dan o‘zi haqidagi shaxsiy ma’lumotni o‘chirib tashlashni talab qildi. Milliarder, shuningdek, ma’naviy zarar qoplanishiga erishmoqchi.

Sud qarori

Usmonov Moskvaning Lyublinskiy tuman sudida 2017-yil mayida yutib chiqdi. Avgustda Moskva shahar sudi apellyatsiyani ko‘rib chiqib, unda ham biznesmenning foydasiga qaror chiqardi. Sud Navalniy va KKFga obro‘ni to‘kuvchi axborotni o‘chirib, raddiya e’lon qilishni yukladi.

Deripaskaning da’vosi bo‘yicha sud hali bo‘lgani yo‘q. Birinchi majlis 2018-yil 1-martga belgilangan.

Natija

Usmonovning da’vosi bo‘yicha sud qaroridan buyon yarim yil o‘tdi, ammo na Navalniyning tadqiqoti sahifasi, na YouTube’dagi rolik o‘zgardi. Yagona raddiya KKF saytida paydo bo‘ldi. Sud ijrochilari Navalniy va fond direktori Roman Rubanovga sud qarori bajarilmagani uchun jarimalar solmoqda.

Deripaskaning da’vosini ko‘rib chiqish hali boshlanmagan bo‘lsa-da, sud ta’minlash choralari sifatida milliarder haqidagi shaxsiy ma’lumot o‘chirilishi kerak, deb qaror chiqardi. Instagram’dan fotosuratlar o‘chirib tashlandi. 15-fevraldan esa Rossiya provayderlari Navalniyning saytini bloklashni boshladi.