O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Shohjahon Ergashev fevral oyining so‘nggi 10 kunligida AQShning Showtime telekanaliga intervyu beradi.

Foto: Showtime

13-fevral kuni Toshkentdan Moskvaga jo‘nab ketgan Ergashevning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, u 22-fevral kuni Nyu-York shahriga yo‘l oladi. Rejaga ko‘ra, uning navbatdagi jangi aprel oyida tashkil etilishi kerak.

Shohjahonni okean ortiga taklif qilib, u bilan shartnoma imzolagan Showtime avvalroq ham intervyu taklifi bilan chiqqan bo‘lib, Ergashev ularni keskin rad qilgandi.

Foto: Showtime

Showtime kanaliga intervyu berishimdan oldin, aslida kimligimni ko‘rsatib qo‘yishim kerak edi. Amerikadagi ketma-ket g‘alabalar sabab reytingda katta o‘sishga erishdim. Soni Fredriksonga qarshi jangimdan keyinoq Showtime yana bir marta taklif bilan chiqdi. Biroq fikr-u xayolim O‘zbekistonga qaytish, ota-onam, yaqinlarim bilan ko‘rishish haqida bo‘lgani uchun, bu haqda keyinroq yana gaplashishga kelishib olgandik. Moskvada vaqtimda esa Nyu-Yorkka qaytgach, kanalda chiqishga rozi bo‘ldim.

Shohjahon Ergashev, bokschi

Foto: Showtime

Prof ringda 12 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida raqiblarini muddatidan oldin taslim qilgan Ergashev o‘z promouterlaridan faqat va faqat reyting peshqadamiga qarshi jang qilishni talab qilyapti. Ayni vaqtda -63,5 kilogramm vazn toifasidagi bokschilar reytingini kubalik Ranses Bartelemi boshqarib turibdi. Aprel oyida unga qarshi jang o‘tkazishning iloji bo‘ladimi yoki yo‘q — hozircha ma’lum emas.

Men reytingda kim birinchi bo‘lib turgan bo‘lsa, unga qarshi jang qilishga tayyorman. Bu yo‘lda oladigan gonorarimdan ham voz kechishga tayyorman. Hozir imkoniyatimning hammasini to‘liq namoyish qilganimcha yo‘q. Mehnat qilishdan to‘xtamasam, yanada kattaroq natijalarga erisha olishimga ishonaman.

Shohjahon Ergashev, bokschi

Foto: Showtime

Bungacha Shohjahon Ergashev bilan Amerikaning ikki yirik promouterlik kompaniyalari muzokara o‘tkazishni istayotgani borasida xabar chiqqandi.

Amerikaning ikki mashhur kompaniyasi Shohjahon Ergashev bilan yangi shartnoma tuzish taklifi bilan chiqdi