Farg‘onadagi 5 yashar qizaloq Kibriyoxonning o‘limi jamoatchilik o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu voqea ortidan internetda vahimali mish-mishlar tarqalishga ham ulgurdi. Rasmiy axborot manbalari tomonidan bir necha bor bayonot berilganiga qaramay, mazkur hodisa bilan bog‘liq jumboqlar yetarlicha. “Daryo” bu ma’shum voqea bog‘liq barcha ma’lumotlarni bir sahifaga jamladi.

Kibriyoxon.
Foto: Telegram

Qotillik

Kibriyoxonning ota-onasi Turkiyada ishlagani sababli, u II guruh nogironi bo‘lgan bobosi va buvisi qaramog‘ida yashagan. “Gazeta.uz”ning tergov ma’lumotlariga asoslanib xabar berishicha, 5-fevral kuni soat 16:00 atrofida bog‘cha hamshirasi M.Qodirova o‘zining ikki farzandi bilan birga qarindoshining 5 yoshli qizi Kibriyoxonni olib ketgan.

Hamshira uch bolani uydan 50 metr masofada qoldirib, o‘z ishlari bo‘yicha ketgan. Bu haqda Kibriyoxonning buvisini telefon orqali ogohlantirgan va undan bolalarni uyiga olib kirishni so‘ragan.

Bu vaqtda 30—35 yoshlardagi velosiped mingan erkak bolalarga shirinlik olib berish bahonasida ulardan ikkisini orqa o‘rindiqqa, birini oldinga o‘tqizgan. Ko‘cha boshigacha borgach, erkak ikki bolani qoldirgan va qizchani o‘zi bilan olib ketgan.

Soat taxminan 17:00 da qizning buvisi hamshiraga bolalar uyga kelmaganligini aytgan. Kibriyoxon yo‘qolib qolganini bilgach, oila a’zolari mustaqil qidiruv boshlagan va bir soatdan so‘ng huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan.

Qidiruv ishlari natijasida 6-fevral kuni taxminan 00:20 da Oqbo‘yra qishlog‘ida Kibriyoxonning tan jarohatlari yetkazilgan jasadi topilgan.

Birinchi gumonlanuvchi

Voqea jamoatchilikka ma’lum bo‘lganidan so‘ng ko‘p o‘tmay, Telegram’dagi @Oltiariq_tv kanalida guvohlarning ko‘rsatmalari asosida tayyorlangan ikkita fotorobot e’lon qilindi.

Foto: Telegram / @Oltiariq_tv

9-fevral kuni esa Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi O. A. gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olindi. Ijtimoiy tarmoqlarda gumonlanuvchining surati va 5 yoshli Kibriyoxonni olib ketgani taxmin qilingan velosiped surati paydo bo‘ldi.

Birinchi gumonlanuvchi va uning velosipedi.
Foto: Facebook

Shu kuni @Oltiariq_tv kanali foydalanuvchilari ichki ishlar organlari xodimlari gumonlanuvchini qotillik yuz bergan joyga ko‘rsatma berish uchun olib ketayotgani, ularning ortidan gumonlanuvchini kaltaklashga tayyor olomon ketayotgani, huquq-tartibot organlari xodimlari ularni to‘xtatib qolayotgani haqida audioyozuvlar qoldirdi.

Gumonlanuvchi qo‘lga olinishi bilan bir vaqtda internet tarmog‘ida farg‘onalik besh yoshli qizchaning o‘limi to‘g‘risida “Ehtiyot bo‘ling! O‘zbekistonda bolalarning organlarini o‘g‘irlab ketayotgan jinoiy guruh paydo bo‘ldi” mazmunidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Ichki ishlar vazirligi esa bu xabarlarni rad etib, “O‘zbekistonda yosh bolalarni o‘g‘irlayotgan jinoiy guruhlar yo‘qligi, farg‘onalik qizchaning barcha ichki a’zolari mavjud bo‘lib, olib qo‘yish yoki transplantatsiya holatlari aniqlanmagani”ni ma’lum qildi.

@Oltiariq_tv kanalida yozilishicha, tuman IIB xodimlari Kibriyoxon bilan birga o‘g‘irlab ketilgan ikki qizchani birinchi gumonlanuvchi bilan yuzlashtirgan. Qizchalar uni birinchi bor ko‘rib turganini aytgan. 11-fevral kuni gumon ostida qo‘lga olingan shaxsning jinoiy ishga aloqadorligi o‘z tasdig‘ini topmagani va u qo‘yib yuborilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Ikkinchi gumonlanuvchi

15-fevral kuni “Yoshlar” telekanalining “Davr” informatsion dasturida Kibriyoxonning o‘limi haqida lavha berildi. Unda qotillik ishi bo‘yicha 14-fevral kuni Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumani Qumtepa qishlog‘ida yashovchi fuqaro Abdurahimov qo‘lga olingani ma’lum qilindi.

Gumonlanuvchi Abdurahimov bilan bog‘liq tergov harakatlarida u haqiqatan ham 2018-yil 5-fevral kuni voyaga yetmagan Kibriyo G‘afforaliyevani uning bog‘chasi oldidan velosipedga mindirgan holda olib ketganligini, uni shirinliklar olib beraman deb aldab, temiryo‘l kesishmasi oldiga olib borib, qarovsiz holda tashlab ketganligini tan oldi, uning harakatlari tegishli dalillar bilan o‘z isbotini topdi. Hozirgi vaqtda gumonlanuvchi Abdurahimov bilan bog‘liq tergov harakatlari davom etmoqda.

Usmonali Mamarizayev, Oltiariq tumani IIB katta tergovchisi

Gumonlanuvchi Abdurahimov va uning velosipedi.
Foto: Telegram / @Oltiariq_tv / “Yoshlar” telekanali

“Davr”da namoyish etilgan lavhada gumonlanuvchining ismi va yoshiga aniqlik kiritilmagan. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda gumondagi ikkinchi shaxs 1998-yilda tug‘ilgan Akmaljon Abdurahimov ekanligi, u velosipedini boshqa rangga bo‘yab olgani aytiladi. E’tiborli tomoni, hodisa yuzasidan 16-fevral kuni O‘zA saytida e’lon qilingan axborotda ham gumonlanuvchining 1998-yilda tug‘ilgani, uning ismi-sharifi bosh harflari A.A. ekani qayd etilgan.

Bolalarni bog‘chadan kim olib ketgan?

Qotillik sodir bo‘lgani haqidagi ilk xabarda 5-fevral kuni soat 16:00 atrofida bog‘cha hamshirasi M.Qodirova o‘zining ikki farzandi bilan birga qarindoshining 5 yoshli qizi Kibriyoxonni bog‘chadan olib ketgani va uydan 50 metr masofada bolalarni ko‘chada qoldirgani aytiladi. “Davr”da namoyish etilgan lavhada esa Oltiariq tumani IIB katta tergovchisi Usmonali Mamarizayev gumonlanuvchi Abdurahimov voyaga yetmagan Kibriyo G‘afforaliyevani uning bog‘chasi oldidan velosipedga mindirgan holda olib ketganligini tan olganini aytgan.

“Daryo” muxbiri Muhammadjon Obidovning huquq-tartibot idoralariga yaqin manbaga tayanib xabar qilishicha, bog‘cha eshigi oldiga videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan. “Poloson” mahallasida yashovchi ayol bog‘cha hamshirasi Kibriyoxonni bog‘chadan uning kelinoyisi olib chiqqanini aytgan bo‘lsa-da, ammo o‘sha kuni elektr o‘chib qolgani uchun, qizaloqni bog‘chadan kim olib chiqib ketganini tasdiqlovchi videotasvir topilmagan.

Qotil aslida kim?

“Gazeta.uz”ning tergov ma’lumotlariga asoslanib bergan xabarida Kibriyoxonning tan jarohatlari yetkazilgan jasadi 6-fevral kuni soat 00:20 da Oqbo‘yra qishlog‘idan topilgani yozilgan. O‘zA ham qizchaning tanasida jarohatlar borligini yozgan. O‘zAning qo‘shimcha qilishicha, qizaloq 5-fevral kuni soat taxminan 22:00 larda “atrof qorong‘i bo‘lishiga qaramay, qarovsiz holda tashlab ketilgan” (uning soat 16:00 dan 22:00 gacha qayerda bo‘lgani ma’lum emas).

“Davr”da chiqish qilgan farg‘onalik tergovchi ham “gumonlanuvchining o‘zi qizchani temiryo‘l kesishmasi oldiga olib borib, qarovsiz holda tashlab ketganligini tan olgani”ni aytdi. E’tiborli tomoni, gumonlanuvchi qizaloqning joniga qasd qilganini emas, aynan “bog‘chasidan olib ketib”, so‘ng “qarovsiz tashlab ketganini tan olgan”.

O‘z navbatida, gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi aynan qaysi modda bo‘yicha qo‘zg‘atilgani aytilmayotgani ham tashlab ketilgan vaqtda Kibriyoxon qanday ahvolda bo‘lgani, qotil kimligi haqidagi savollar hozircha javobsizligini ko‘rsatmoqda. Bu savollarga hali davom etayotgan tergov davomida javob topiladi.