Yangi tashkil etilayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston Super Ligasi bellashuvlariga taqvim tuzib chiqilgandi. Endi o‘yinlar o‘tadigan sanalar aniq bo‘ldi.

Foto: PFL

Avvalroq O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov taqvim tuzishda muxlislar imkoniyatini hisobga olish kerakligini aytgandi. PFL saytidagi xabarda mana shu masalaga tushuntirish berilgan. Boisi, Super Liga taqvimida begim kunlaridagi o‘yinlarni ham uchratish mumkin.

Super Liganing 1-bosqichidagi 22 turda jami 132 ta bellashuv bor. Shulardan 5 ta o‘yin — dushanbaga, 8 tasi — seshanbaga va 11 tasi — chorshanbaga to‘g‘ri kelgan. Qolgan 108 ta uchrashuv haftaning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tadi. Masalan, shanba kuniga eng ko‘p — 38 ta o‘yin tushgan. O‘zbekiston Kubogining 1/32 finalidan joy olgan bellashuvlar esa yakshanbada o‘tadi.

Nega bunday bo‘lib chiqdi?

Mamlakatning ikki yetakchisi — “Lokomotiv” va “Nasaf” Chempionlar Ligasida to‘p suradi. Mazkur musobaqa bellashuvlari dushanba, seshanba va chorshanba kunlari bo‘lib o‘tadi. Demak, O‘zbekiston jamoalari xorijga eng kamida dam olish kunlari chiqib ketishi kerak bo‘ladi. Bu birinchi sabab.

Ikkinchidan, orada O‘zbekiston Kubogi bellashuvlari ham o‘tishi inobatga olinsa, jamoalarda keyingi o‘yinlar uchun tiklanish uchun vaqt bo‘lishi kerak.

Uchinchidan, O‘zbekiston milliy terma jamoasini oldinda Senegal, Marokash va Eronga qarshi 3 ta xalqaro o‘rtoqlik o‘yini kutib turibdi. Super Liga bellashuvlari FIFA kunlaridagi holatni ham inobatga olishi kerak bo‘ladi.

PFL Ahmadjonov topshirig‘ida ko‘rsatilgan kunlardan boshqa, ya’ni, begim kunlariga o‘yin tayin qilgan bo‘lsa ham, ularning vaqtini nazorat qiladi. Ya’ni, o‘yinlar avval bo‘lgani kabi ish vaqtida boshlanmaydi. PFL klublar oldiga bellashuvlarni 18:00 dan erta boshlamaslik talabini qo‘yadi.