Xalqaro futbol uyushmasi (FIFA) rasmiy sayti o‘zbek futboli so‘nggi vaqtlarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlardan kelib chiqib yozilgan maqola e’lon qildi.

Foto: FIFA

“O‘zbekiston Osiyo futbolining ‘uyqudagi’ giganti” deb nomlangan post O‘zbekiston U23 terma jamoasining Osiyo Chempionatida qo‘lga kiritgan g‘alabasidan keyin yozilgan. FIFA maqolasida aytilishicha, yoshlar futbolidagi bu kabi yutuqlar kelajak uchun poydevor ekanligi bilan ahamiyatlidir.

“Oq bo‘rilar” Osiyoda har doim o‘z o‘rniga ega bo‘lib kelgan. O‘zbekiston U23 termasining qit’a chempionatida erishgan g‘alabasi kelajakka umid beradi. Chunki Ravshan Haydarov jamoasi namoyish etgan o‘yin uslubi va qo‘lga kiritgan natija butun Osiyoni lol qoldirdi.

Musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb Odil Hamrobekov topildi. Uning yetakchiligida to‘p surgan futbolchilar Yaponiya, Janubiy Koreya kabi kuchli jamoalar darvozasiga 4 tadan gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Endilikda bu futbolchilar O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosini tashkil etishi kutilmoqda.

Bosh murabbiy Ravshan Haydarov Xitoydagi g‘alaba o‘zbek futbolidagi muvaffaqiyatlarning boshlanishi ekani haqida aytdi:

Biz tarix yaratdik. Xitoydagi g‘alaba o‘zbek futboli tarixidagi eng yorqin onlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Bunda hammaning birdek hissasi bor. Fikrimcha, Osiyo Chempionatidagi muvaffaqiyat kelgusi g‘alabalar uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bu jamoa O‘zbekiston kelajagidir.

Ravshan Haydarov, O‘zbekiston U23 bosh murabbiyi

Foto: O‘FF

Xalqaro maydonda ham o‘zbek futboliga bo‘lgan hurmat nisbatan oshdi. Buni O‘zbekiston milliy termasining JCh—2018 ishtirokchilari bo‘lgan Senegal, Marokash, Eron kabi jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish borasida kelishuvga erishganidan ham bilsa bo‘ladi. Hozir o‘zbekistonliklarning asosiy maqsadi bosh jamoaning Qatar—2022 mundialida ishtirok etishidir.

Mamlakatning turli yosh termalari o‘z vaqtida Meksika, Turkiya, BAA, Yangi Zelandiya mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan kichik Jahon Chempionatlarida qatnashgandi. Demak, ularda kelajakka umid ko‘zi bilan qarash uchun asos bor.

Foto: O‘FA