Farg‘ona viloyatida 5 yashar qizaloqni o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda 15-fevral kuni “Yoshlar” telekanalining “Davr” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Oltiariq tumani IIB katta tergovchisi Usmonali Mamarizayevning so‘zlariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumani Qumtepa qishlog‘ida yashovchi fuqaro Abdurahimov oltiariqlik 5 yashar qizaloqning o‘limi yuzasidan ochilgan jinoyat ishida gumonlanuvchi sifatida ishtirok etishga jalb etilgan.

Gumonlanuvchi Abdurahimov bilan bog‘liq tergov harakatlarida u haqiqatan ham 2018-yil 5-fevral kuni voyaga yetmagan Kibriyo G‘afforaliyevani uning bog‘chasi oldidan velosipedga mindirgan holda olib ketganligini, uni shirinliklar olib beraman deb aldab, temiryo‘l kesishmasi oldiga olib borib, qarovsiz holda tashlab ketganligini tan oldi, uning harakatlari tegishli dalillar bilan o‘z isbotini topdi.

Hozirgi vaqtda gumonlanuvchi Abdurahimov bilan bog‘liq tergov harakatlari davom etmoqda.

Usmonali Mamarizayev, Oltiariq tumani IIB katta tergovchisi

“Davr” informatsion dasturida qo‘shimcha qilinishicha, gumonlanuvchi 14-fevral kuni qo‘lga olingan. “Norasida go‘dakning o‘limida gumon qilinayotgan gumonlanuvchi Abdurahimovning mazkur jinoyatga daxldorligi, uning maqsadiga tergov-surishtiruv jarayonida aniqlik kiritiladi”, — deyiladi lavhada.