O‘zbekiston futbolini yangi bosqichga olib chiqish ishlari davom etadi, deb yozdi O‘FA matbuot xizmati. Ayni vaqtda sohaning turli mutaxassislari xorij kurslarida tahsil olayotgan bo‘lsa, navbat FIFA va OFK mutaxassislarining Toshkentga tashrifiga yetib kelgan.

Foto: O‘FF

22-fevral kuni FIFAning Mintaqaviy futbolni rivojlantirish bo‘limi menejeri Essam As-Suhibaniy Toshkentga tashrif buyuradi. Uning asosiy missiyasi Forward loyihasini O‘zbekistonda tadbiq qilish bo‘ladi. As-Suhibaniy mazkur loyiha asosida O‘FA xodimlari bilan ish olib boradi. Shuningdek, mutaxassis assotsiatsiya maqomini olgan tashkilotning moliyaviy tomonini o‘rganadi hamda O‘FA moliya bo‘limi vakillariga tegishli ko‘rsatmalar, maslahatlar beradi. Maqsad — mazkur bo‘lim faoliyatini FIFA talablar asosida qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlashdir.

2-mart kuni esa OFKning futbol maydonlari qurilishiga javobgar bo‘lgan mutaxassisi Pun Youk Yeng O‘zbekistonda bo‘ladi. U “Chig‘atoy” sport bazasida qurilishi rejalashtirilgan sun’iy qoplamali stadion rejasi bilan tanishadi va o‘z tavsiyalarini beradi. Avvalroq OFK mazkur stadionning qurilishiga alohida mablag‘ ajratib bergandi.

O‘FA tepasiga kelgan Umid Ahmadjonov birinchi galda FIFA prezidenti Janni Infantino, keyinroq OFK prezidenti Shayx Salmon bilan shaxsan uchrashib, bir qator masalalarda kelishuvga erishgandi. Yuqoridagi tashriflar bu yo‘ldagi navbatdagi qadamlardan biri bo‘ladi.

Parijdagi kelishuv asosida 14-mart kuni Fransiya futboli mutaxassislari O‘zbekistonga tashrif buyuradi