2017-yilgi mavsum futbolchilik faoliyatini yakunlab, butsalarini mixga ilgan Timur Kapadze O‘zbekiston milliy terma jamoasiga vaqtincha bosh murabbiy etib tayinlandi.

Foto: Google Images

O‘FA matbuot xizmatining xabar berishicha, tashkilot nomi sir tutilayotgan xorijiy mutaxassis bilan og‘kazi kelishuvga erishib bo‘lgan. Biroz vaqt o‘tib, barchasi rasmiy ko‘rinishda hal etiladi va milliy terma jamoaga rasman bosh murabbiy tayin qilinadi. Kapadze esa oradagi bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qiladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasini mart oyining so‘nggi 10 kunligida 2 ta xalqaro o‘rtoqlik o‘yini kutib turibdi. 23-mart kuni JCh—2018 ishtirokchisi hisoblangan Senegalga qarshi o‘yin bo‘lib o‘tsa, 27-mart kuni o‘zbekistonlik futbolchilar Marokashga qarshi saf tortadi. Har ikki bellashuvga Kasablanka shahri mezbonlik qilishi ko‘zda tutilgan.

Timur Kapadze mana shu o‘yinlarga futbolchilarni tayyorlab boradi va yaqin kunlar ichida terma jamoaning kengaytirilgan murabbiylar shtabini futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga taqdim etadi.

Qayd etish kerak, OFK klublar murabbiylari va terma murabbiylarining qit’a miqyosidagi rasmiy o‘yinlari uchun belgilab qo‘yilgan litsenziyalarni talab qiladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasini JCh—2018 startiga qadar hech qanday rasmiy o‘yinlar kutib turmayapti. Shundan kelib chiqib, Kapadze o‘rtoqlik o‘yinlariga jamoani bosh murabbiy sifatida boshlab chiqishi mumkin. OFK miqyosidagi rasmiy o‘yinlar boshlanguniga qadar esa bosh murabbiy masalasi to‘liq hal etiladi.

Timur Kapadze faoliyatini Farg‘onaning “Neftchi” jamoasida boshlagan. Keyinchalik “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Inchxon” (Janubiy Koreya), “Sharja” (BAA), “Aktobe” (Qozog‘iston), “Lokomotiv” (Toshkent) klublarida to‘p surgan. U O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida 119 ta o‘yin o‘tkazgan.