Chempionlar Ligasining chorak finali uchun kurashni davom ettirayotgan “PSJ” klubi prezidenti Nosir Al-Halayfiy Madriddagi mag‘lubiyat sababini quyidagicha izohladi:
Hisob adolatli bo‘lmadi. O‘ylashimcha, ikkinchi 45 daqiqalikda biz yaxshiroq o‘ynadik, biroq xatoga yo‘l qo‘ydik.Mbappe offsaydda qoldi deyilganida, bu noto‘g‘ri qaror edi. Hakamlarning adashishlari shu kuni jamoamiz uchun qimmatga tushdi. Ular “Real”ga yordam berishdi.
Endi javob o‘yini haqida o‘ylash kerak. O‘z uyimizda, stadionimizda, muxlislarimiz ko‘z o‘ngida barchasini o‘nglay olishimizga ishonaman. Chorak finalga chiqish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Xullas, Parijda “Real”ga oson bo‘lmaydi.
Nosir Al-Halayfiy, “PSJ” prezidenti
Klub prezidentining bu fikrlarini matbuot anjumanida bosh murabbiy Unai Emeri ham tasdiqladi.
Menga Ramos jarima maydonchasi ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynaganini aytishdi. O‘zim o‘sha vaziyatni ko‘rmay qoldim, biroq penalti bor deb ishontirishdi. Chindan ham shunday bo‘lsa, hakam uni berishi kerak edi.Bu o‘zini oqlash bo‘lib ko‘rinmasin, ammo hakamlar bu kabi qarorlar qabul qilmaganida, biz bu o‘yinni yutishimiz mumkin edi. Hozir esa g‘alati hissiyotlarni tuymoqdaman. Hisob 1:1 bo‘lib turganida, hakamlar shubhali qarorlari bilan “Real”ga yordam berib yuborishdi. Shundan keyin ham asosan biz hujum qildik, ammo xato qarorlar baribir ta’sirini ko‘rsatdi.
“Real” bu to‘qnashuv favoriti edi, chunki u 4 ta mavsumning 3 tasida bosh sovringa ega chiqdi. Shunday bo‘lsa ham, bizda navbatdagi bosqichga yo‘l olish imkoniyati saqlanib turibdi.
Unai Emeri, “PSJ” bosh murabbiyi
Parijdagi javob o‘yini 6-mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)