O‘zbekistonlik yosh aktyor, qo‘shiqchi va sobiq feldsher Oleg Ternovoy Rossiyaning “TNT” telekanalidagi “Pesni” (“Qo‘shiqlar”) shousida keyingi bosqichga o‘tdi, deb yozadi News Mail.Ru.

Foto: Sputnik

Olegning o‘zi aytishicha, u hozirda San’at va madaniyat institutining so‘nggi bosqichida o‘qiydi, parallel tarzda O‘zbekistondagi rus akademik drama teatrida bir nechta rollarni o‘ynaydi. Bungacha u “tez yordam”da oddiy feldsher bo‘lib ishlagan.

Oleg birinchi bosqichda Hype qo‘shig‘ini ijro etdi. Hakamlarning uchalasi ham — Maksim Fadeyev, Timati va Garik Martirosyan Olegning keyingi bosqichga o‘tishiga rozi bo‘ldi.

Qattiq saralashdan keyin 20 nafar ishtirokchi realiti shouda qatnashadi. Unda tomoshabinlarning eng ko‘p ovozlarini to‘plagan ishtirokchi 5 million rublni qo‘lga kiritadi. Shou prodyuserlari Maksim Fadeyev va Timati o‘zlariga ma’qul tushgan qo‘shiqchilar bilan shartnoma tuzadi.