Bitta maqsad, hamjihatlik va bir oila. O‘zbekistonda sport tashkilotlari endi bir yoqadan bosh chiqarib ishlaydi, deb yozdi MOQ matbuot xizmati. Bunga qadar tarqoq holda bo‘lgan tashkilotlar, bundan buyon uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

Foto: MOQ

Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi vazirlik darajasiga ko‘tarilgach, MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov hamda sport sohasiga yangi tayinlangan vazir Shoakram Isroilov barcha federatsiyalar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Qishki Olimpiadaning ochilish marosimida ishtirok etish uchun Pxyonchxanga borgan, keyinroq esa Janubiy Koreya madaniyat, sport va turizm vaziri bilan o‘zaro hamkorlikda ishlash missiyasini hal qilish uchun Seulda bo‘lgan MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov Toshkentga qaytishi bilan birinchi galda shu majlisni tashkil qildi. Bundan ko‘zlangan maqsad, sport federatsiyalari, olimpiya qo‘mitasi hamda soha vazirligi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yaratish va barchaning bir maqsad yo‘lida birlashishini ta’minlashdan iborat edi. Tokio—2020 Olimpiadasiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilayotgani inobatga olinsa, o‘zaro hamjihatlik muhim ahamiyat kasb etadi.

MOQ prezidentligidan tashqari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib borayotgan Umid Ahmadjonov Janubiy Koreyaga jo‘nab ketishi oldidan ikki tashkilot o‘zaro hamkorlikda ishlashini ta’minlagandi. Bunda nafaqat matbuot xizmatlari, balki barcha bo‘limlar bir maqsad yo‘lida birlashishi talab etildi. Endi esa Jismoniya tarbiya va sport vazirligi ham bu ishga bosh-qosh bo‘ladi.

Sport vaziriga aylangan Shoakram Isroilov va MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov bunga qadar ham o‘zaro hamjihatlikda faoliyat yuritib kelgan. Bu munosabatlar ikki alohida tashkilotning bir maqsad yo‘lida birlashishida ham as qotishi mumkin. Bungacha mazkur ikki tashkilotning birinchi vitse-prezidentlari bo‘lgan Oybek Qosimov hamda Isknadar Jo‘rayevning o‘zaro o‘rin almashishi ham shu yo‘lda xizmat qiladi. Ular bir-biri bilan uzviy bog‘liqlik hosil qilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: MOQ

Umid Ahmadjonov yig‘ilish maqsadini federatsiyalar rahbarlariga tushuntirar ekan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi alohida topshirig‘iga urg‘u qaratdi. Shu kunga qadar sportni rivojlantirish borasida bir qator va farmonlarga imzo chekkan Shavkat Mirziyoyev, barcha sohalarda bir yoqadan bosh chiqarib, vijdon bilan ishlash kerakligini ta’kidlab keladi, deyiladi majlis davomida. Sportdagi ketma-ket o‘zgarishlarda ham mana shu falsafa yotibdi. Endilikda futbol assotsiatsiyasidan tortib, sport vazirligiga qadar, MOQ tasarrufida bo‘lgan barcha federatsiyalar ham hamkorlik qiladi. Maqsad mamlakat sportini ko‘tarish, soha muammolariga birgalikda yechim izlash, undagi illatlarni tozalash va bir joyda depsinib turgan ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, rivojlanish yo‘liga tushib olish. Bu ishlar Tokio—2020 Olimpiadasi va undan keyingi yirik musobaqalar oldidan muhim qadamlardan biridir.