Qozog‘istonda bir yashar egizak farzandlarini o‘ldirgan ota-ona koloniyada to‘liq muddatga qoladi. Apellyatsiya kollegiyasi sudlanganlarning hukmni qayta ko‘rib chiqish haqidagi arizasini rad etdi, deb yozadi Kazakhstan Today.

Foto: EPA

Nashr eslatishicha, egizaklarning jasadlari 2017-yilning 11-sentabrida Olmaotadagi xonadonlardan birida sovitgichdan topilgan edi. Ertasi kuniyoq bolalarni o‘ldirishda gumon qilinib, ularning onasi Alla Volchenko va eri, O‘zbekiston fuqarosi Emil Gilmutdinov hibsga olindi. Ikkalasi ham aybini tan oldi. Qotillik sabablaridan biri bolalar mast ota-onasiga uxlashga xalal bergani bo‘lgan.

Alla Volchenkoning norasmiy eri bolalarni 5-sentabrdayoq o‘ldirgan. Salavat va Rinat ismli egizaklarni o‘ldirishdan avval Emil Gilmutdinov xotinini katta o‘g‘li Ravil bilan birga sayr qilishga jo‘natib yuborgan. O‘ldirilgan bolalar jasadlarini erkak sport sumkasiga solib qo‘ygan.

2 yoshli Ravil esa politsiyachilar tomonidan shahardagi bolalar maydonchalarining biridan topilgan. Uni Olmaota hokimligi huzuridagi bolalar muassasasi qaroviga berishgan.

2017-yil oxirida sud Gilmutdinovni maksimal xavfsizlik ta’minlangan koloniyada o‘tash sharti bilan 20 yilga, Volchenkoni — o‘rtacha xavfsizlik ta’minlangan koloniyada o‘tash sharti bilan 18 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Yaqin orada sud Alla Volchenkoni onalik huquqidan mahrum qilmoqchi.