Farg‘ona viloyatida sobiq sud ishchisi 1500 dollar pora olishga uringan chog‘ida ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ikromjon Mahmudov sudlangunga qadar fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining devonxona mudiri vazifasida ishlagan. U o‘zining eski tanishi, sud ijrochilarining Quva tuman bo‘limi 2-toifali ish yurituvchi kotibi D. Toshpo‘latovning iltimosidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmoqchi bo‘ldi.
D. Toshpo‘latov jiyani E. Parmonovaning ukasi S. Tojiyev sudning hal qiluv qarorini bekor qilish uchun yelib-yugurayotganini aytdi. Gap fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining 2016-yil 7-dekabrdagi AT “Xalq banki” Quva filiali foydasiga jami 145 million 617 ming 500 so‘m kredit mablag‘larini undirish, undiruvni javobgarlarning garovga qo‘yilgan va boshqa mol-mulkiga qaratish, ularni realizatsiya qilish qiymatini berish haqidagi qaror ustida borayotgan edi. I. Mahmudov hal qiluv qarorini sudya bilan gaplashib bekor qildirishga va’da berdi. Faqat ish oson kechishi uchun sudyaga pora taklif qilish zarurligini qo‘shimcha qildi.
Holat yuzasidan ariza Milliy xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasiga kelib tushgach, zudlik bilan nazorat tadbiri o‘tkazildi. I. Mahmudov fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi ro‘parasida joylashgan ovqatlanish majmuasida 1500 dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudi unga nisbatan tegishli jazo tayinladi.
Izoh (0)