Rassom Gustav Klimtning yo‘qolgan surati avstriyalik pensioner ayolning vafotidan so‘ng uning uyidan topildi. Ayol suratni uzoq yillar davomida uyida noqonuniy saqlagan va uni Lints shahriga meros qilib qoldirgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

1977-yilda nafaqaga chiqqan sobiq kotiba Klimtning Zwei Liegende nomli ishini o‘z javonida saqlagan. 2017-yilda ayol vafot etgan va uning so‘nggi istagi amalga oshirilgan.

1951-yilda asarning egasi bo‘lgan Olga Yeger bu suratni, shuningdek, avstriyalik rassom Egon Shilye tomonidan chizilgan yana uchta suratni vaqtinchalik foydalanish uchun Lints shaharidagi Zamonaviy san’at muzeyiga bergan. 2006-yilda Yegerning avlodlari o‘z mulkini olib ketmoqchi bo‘lganda, suratning yo‘qolgani ma’lum bo‘lgan.

Suratni va ayolning vasiyatnomasini uning advokati joriy yilning yanvar oyida topshirgan. Ayolning so‘nggi so‘zlariga ko‘ra, u ish vaqtida vaqtincha foydalanishga berilgan eksponatlarning noto‘g‘ri hujjatlashtirilganini payqab qolgan. U bu haqda mudirga xabar bergan. Mudir esa buni sir saqlashni talab qilgan va ayolga Klimtning asarini “sovg‘a qilgan”.