Rossiya Prezidenti huzuridagi Millatlararo munosabatlar kengashining migratsiya masalalari va chet el fuqarolarini ijtimoiy-madaniy moslashtirish komissiyasi a’zolari O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Rossiyalik mehmonlar 12-fevral kuni Samarqand viloyati hokimi Turob Jo‘rayev bilan uchrashdi.

Delegatsiya rahbari, Rossiya Davlat dumasi deputati Aleksey Juravlev hamda Rossiya Prezidenti huzuridagi Millatlararo munosabatlar kengashining migratsiya masalalari va chet el fuqarolarini ijtimoiy-madaniy moslashtirish komissiyasi raisi Aslambek Paskachev O‘zbekistondan borayotgan mehnat migrantlarini Rossiya qonunchiligi bilan tanishtirish, ularni tibbiy-ijtimoiy muhofaza qilish, munosib mehnat va turmush sharoiti yaratish borasida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi. Ushbu yo‘nalishda hamkorlikda olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Rossiyalik mehmonlar Samarqand shahridagi mehnat migrantlarini tayyorlash va jo‘natish markazi hamda Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishdi.

Delegatsiya a’zolari Samarqand shahridagi Islom Karimov maqbara majmuasi va boshqa diqqatga sazovor maskanlarni ziyorat qildi.