Qirg‘izistonlik fuqaroning o‘zbekistonlik chegarachilar tomonidan yarador qilingaligi yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda, Qirg‘iziston ombudsmani matbuot xizmatiga tayanib, KNews xabar berdi.

Foto: UZ24

Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyat ishi 6-fevral kuni Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining “Davlat chegarasini noqoqnuniy kesib o‘tish”, “Odam o‘g‘irlash” va “Qotillik sodir etishga urinish” bandlari bo‘yicha ochilgan.

“Ombudman Kubat Otorbayev ishni yaxshilab tekshirish va har tomonlama yordam ko‘rsatish maqsadida uni prezident, bosh vazir hamda bosh prokuraturaga yo‘lladi. Mazkur ish prezident devonxonasi va bosh vazir nazorati ostida. O‘z navbatida Olabuqa tumanining ichki ishlar xodimlari ham tergov o‘tkazmoqda”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 27-yanvar kuni Jalolobod viloyati Olabuqa tumanidagi Ajek qishlog‘i fuqarosi davlat chegarasi yaqinida mayda shoxli mol boqayotib, O‘zbekiston hududiga o‘tib ketgan. Qonunbuzar ogohlantiruvchi chaqiriqlarni va talablarni e’tiborsiz qoldirgani uchun O‘zbekiston chegarachilari qurol qo‘llashga majbur bo‘lgan va uni chap oyoq sonidan yaralagan.