Yangi mavsumga Amirliklarda tayyorgarlik ko‘rayotgan “Bunyodkor” futbol klubi 16-fevral kuni mahalliy “Sharja” klubiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadigan bo‘ldi.
“Sharja” Amirlik chempionatida ishtirok etayotgan klub bo‘lib, 2017-yil so‘ngida “Bunyodkor” a’zosi Otabek Shukurov bilan shartnoma imzolagandi. O‘tgan vaqt davomida Shukurov sharjaliklar ishtirokidagi 5 ta rasmiy o‘yinda maydonga tushib ulgurdi.
Katta ehtimol bilan Shukurov juma kungi o‘yinda sobiq klubi “Bunyodkor”ga qarshi maydonga chiqadi. Futbolchi shartnomasi yakuniga yetganidan keyin “qaldirg‘ochlar” safini tark etgan bo‘lib, 23 yoshga to‘lib ulgurmagani uchun ham “Sharja” toshkentliklar hisob raqamiga FIFA nizomidan kelib chiqib, konpensatsiya to‘lab bergandi. Ya’ni, Shukurov erkin agent maqomida bo‘lsa-da, uni katta futbolga olib kirgan klublar moddiy rag‘batlantirilgan.
Avvalroq Toshkentning “Paxtakor” klubi ham Otabek Shukurovga shartnoma taklif qilgan bo‘lsa-da, futbolchi Amirlik chempionatini afzal bilgandi.
Izoh (0)