Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida yashovchi T.Mamadaliyev 4- fevral kuni IIBga murojaat qilib, o‘g‘li, xususiy tadbirkor, 1977-yilda tug‘ilgan R.Mamadaliyev bedarak yo‘qolganligi haqida xabar berdi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi ma’lum qildi.

Foto: Trend

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida 3-fevral kuni soat 11.00 larda Bog‘dod tumani, Mirzaobod MFYda istiqomat qiluvchi U.Rahimov, Sh.Mirolimov va S.G‘ulomqodirov mast holda bo‘lgan tanishlari, shu mahallada yashovchi J.Turg‘unov va Konizar MFYda yashovchi D.Xasanov bilan birga R.Mamadaliyevni Rishton tumanidagi “Bo‘ston mazali taomlari” choyxonasidan ko‘chaga chaqirtirgani ma’lum bo‘ldi.

Ular R.Mamadaliyevni S.G‘ulomqodirov boshqaruvidagi Lasetti rusumli avtomashinaga o‘tqazib, “Mirzaobod tutzori” fermer xo‘jaligi dala maydoniga olib boradi. Bu yerda uni urib, hushsiz holatga keltirib, sodir etgan jinoyatlarini yashirish maqsadida ustiga benzin sepib, yoqib yuboradi.

Ko‘rilgan choralar natijasida U.Rahimov, Sh.Mirolimov, S.G‘ulomqodirov, J.Turg‘unov va D.Xasanov qo‘lga olindi.