Toshkentda sodir etgan qoidabuzarligi uchun jarima to‘lamaslik maqsadida avtobus tagiga yotib olgan Nexia avtomobili haydovchisi jarimaga tortilib, 5 kunga qamoqqa olindi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Foto: “Gazeta.uz”

Yakkasaroy tuman ma’muriy sudi qarori bilan 1991-yilda tug‘ilgan haydovchiga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Kodeksining 128-4 moddasi (Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmay o‘tishi) bo‘yicha eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solish va mazkur kodeksning 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) bo‘yicha 5 kunlik qamoq jazosi qo‘llanildi.

“Haydovchi psixologik sog‘lom bo‘lib, u alkogol ichimlik ta’sirida bo‘lmagan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur hodisa 10-fevral kuni Mirobod tumanidagi Grand Mir mehmonxonasi yaqinida yuz bergan edi.