Pasport tizimi va propiska masalalari bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan muhim qarorlar loyihalari tayyorlandi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanalida ma’lum qilindi.

Foto: “Nuz.uz”

Xususan, loyihalarda:

pasport olish, ta’lim olish, mehnat qilish va boshqa huquqlarni amalga oshirishda propiska bilan bog‘liq cheklovlarni bartaraf qilish;

doimiy yoki vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmagan) fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham berish;

voyaga yetmagan shaxsning belgilangan muddatda pasport olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish;

mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchining ma’muriy javobgarligini bekor qilish;

mavsumiy ishlarga (qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda) jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimini soddalashtirish, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish bitimini tuzish talabini bekor qilish;

Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha amaldagi talablarni soddalashtirish;

Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish;

ichki turizmni rivojlantirish maqsadida vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmasdan) bo‘lish muddatini uzaytirish;

vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashaganlik, yashashga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy jazo choralarini yengillashtirish nazarda tutilgan.

Loyihalar matnlari 13-fevral soat 19:00 da “Huquqiy axborot” kanalida va vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.