Yangi tashkil etilayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston Super Ligasida g‘olib chiqqan klub 1 milliard so‘m miqdorida mukofot puli oladi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Google Images

Super Liga formatiga ko‘ra, 1-bosqichdan keyin dastlabki 6 o‘rinni egallagan klublar chempionlik uchun alohida kurash olib boradi. Mana shu oltilikka kirishga stimul bo‘lishi uchun PFL hatto 6-o‘rin egasiga ham pul mukofoti berishini ma’lum qildi.

Super Liga mukofotlari

  • 1-o‘rin — 1 milliard so‘m
  • 2-o‘rin — 800 million so‘m
  • 3-o‘rin — 700 million so‘m
  • 4-o‘rin — 600 million so‘m
  • 5-o‘rin — 500 million so‘m
  • 6-o‘rin — 400 million so‘m

Yangi formatga ko‘ra, Super Ligada so‘nggi uch o‘rinni egallagan klublarga oson bo‘lmaydi. Ularning eng yomoni Pro-Ligaga ravona bo‘ladi. Qolgan ikki jamoa esa Pro-Liganing ikki va uchinchi jamoasi bilan pley-offda o‘ynaydi.

Shu tariqa PFL Pro-Liganing dastlabki uch o‘rnini qo‘lga kiritgan klublarga ham mukofot pullari berishga qaror qildi. Unga ko‘ra, Super Ligaga yo‘l olgan klub avtomatik ravishda 300 million so‘mni qo‘lga kiritadi. Pley-off ishtirokchilari bo‘lgan jamoalar esa mos ravishda 200 va 100 million so‘mdan oladi.

O‘zbekiston Professional futbol ligasi tarixda ilk bor ayollar klublari va futzal klublarini ham moddiy rag‘batlantirishga va’da berdi. Har ikki mintaqada mukofot pullari dastlabki uch o‘rin egalariga beriladi va ular Pro-Liga mukofotlari bilan bir hil ko‘rinishda.

Pro-Liga, futzal va ayollar futboli

  • 1-o‘rin — 300 million so‘m
  • 2-o‘rin — 200 million so‘m
  • 3-o‘rin — 100 million so‘m

Shu tariqa mukofotlarning jami summasi 5 milliard 800 million so‘mni tashkil qildi.