Toshkent viloyatida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida yong‘in xavfsizligi hamda harakat xavfsizligi qoidalariga rioya etish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati

Toshkent viloyatida tasdiqlangan rejaga asosan viloyat IIB YHXB hamda YXB xodimlari tomonidan viloyat hududida joylashgan 57 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida (shundan 3 tasi propan gaz quyuvchi va 54 tasi metan gaz quyuvchi) amaldagi texnik reglamentga va yong‘in xavfsizligi hamda harakat xavfsizligi qoidalariga rioya etish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan shoxobcha mas’ul xodimlari hamda shoxobchaga kelgan transport vositalari haydovchilari bilan profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.

Tadbir davomida shoxobcha operatorlari, gaz quyuvchi xodimlar hamda haydovchilarga gaz ballonlarga 19,6 MPa (200 kg/santimetr kvadrat)dan yuqori bo‘lgan bosimda gaz quymaslik, ruxsat etilmagan qo‘lbola usulda yasalgan va sinovdan o‘tmagan gaz ballonlarga hamda foydalanishdan chiqarilgan “kapron” gaz ballonlariga gaz quymaslik, gaz quyish uchun shoxobchaga kirayotgan har bir transport vositasini shoxobchaga kirishdan oldin to‘xtatish va gaz ballonini o‘rnatilgan qoidalar bo‘yicha talabga javob berish-bermasligi hamda uning hujjatlarini to‘liq tekshirish, transport vositasini shoxobchaga kirishdan oldin undagi barcha yo‘lovchilarni tushirib, belgilangan joyda kutib turishlarini qat’iy yo‘lga qo‘yish va nazorat qilish kabi masalalarda tushuntirishlar berildi.

Shu bilan birga, haydovchining gaz uskunalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini o‘rganish davomida Yuqori Chirchiq tumanidagi “Parvoz Invest” MChJga tegishli bo‘lgan gaz quyish shoxobchasiga gaz quyish uchun kelgan haydovchi G‘.Nurmatov boshqaruvidagi transport vositasiga hozirda foydalanish muddati tugagan 2 dona 50 litr hajmlik gaz balloni o‘rnatib olinganligi aniqlanib, holat yuzasidan haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga qo‘yildi.

Xuddi shunday Toshkent tumanidagi “Avaton gaz” MChJga tegishli gaz shoxobchasiga gaz quyish uchun kelgan haydovchi Z.Amonov boshqaruvidagi transport vositasiga foydalanishdan chiqarilgan SPG-2 turidagi (kapron) ballon o‘rnatilganligi aniqlanib, haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Bundan tashqari, Chinoz tumanining avtomobil yo‘llarida o‘tkazilgan tadbirlar davomida, haydovchi B.Alimbekov boshqaruvidagi  transport vositasiga SPG-2 turidagi (kapron) balloni o‘rnatilganligi, haydovchi A.Umarov o‘zining transport vositasiga gaz ballonini o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilganligi aniqlanib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi hamda transport vositalari vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi.