“Turkiston” san’at saroyida Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tomonidan tayyorlangan va nashr qilingan “Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi” kitob-albomining taqdimotiga bag‘ishlangan “Otash kabi yonib, o‘zgalar yo‘lini yorit” shiori ostidagi tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, ilm-fan, madaniyat, san’at namoyandalari, yoshlar ishtirok etdi.

Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tomonidan tayyorlangan va nashr qilingan “Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi” kitob-albomi Davlat rahbarining 2017-yil 27-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida nashrdan chiqdi.

Ushbu kitob-albomda Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘zboshisi keltirilgan. Unda shunday so‘zlar bor: “Vaqt va hayotning o‘zi Islom Abdug‘aniyevich Karimov zamonamizning yetuk siyosatchisi, dunyoda va turli mintaqalarda yuz berayotgan o‘ta murakkab voqea-hodisalarning mohiyatini davlatchilik nuqtai nazaridan ko‘ra oladigan, o‘z yurti va xalqi uchun, har bir vatandoshimizning taqdiri uchun ulkan mas’uliyat tuyg‘usini teran his etadigan atoqli rahbar ekanini har tomonlama isbotladi”.

Kitob-albomda Birinchi Prezidentning turli yillardagi faoliyatiga oid noyob suratlari, xorijiy davlatlar rahbarlari, davlat va siyosat arboblari, turli soha vakillarining Islom Karimov haqidagi iliq va samimiy dil so‘zlari joy olgan.

San’at namoyandalari ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.Qosimov so‘zga chiqdi