Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida uch bolani o‘ldirishga gumondor shaxs ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Bir muddat oldin internet tarmoqlarida uch nafar voyaga yetmagan shaxsning umriga zomin bo‘lgan manyak xaqida xabarlar tarqalgan edi. Bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zA muxbiri Bosh prokuraturaga murojaat qildi.

Haqiqatan ham Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida uch nafar voyaga yetmagan shaxsni qasddan o‘ldirish jinoyati sodir etilgani aniqlandi. Bu qilmishni sodir etgan Otaboyev Zohid Sunnatillayevichga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.

Gulnoza Rahimova

Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i

Tergovda aniqlanishicha, Oqqo‘rg‘on tumanining Xonobod mahalla fuqarolar yig‘inida yashagan Z. Otaboyev 2003-yilda tug‘ilgan Sh.M., 2005-yilda tug‘ilgan Yo.U., 2014-yilda tug‘ilgan O.S ni qasddan o‘ldirib, ularning murdasini o‘z hovlisiga ko‘mib qo‘ygan.

Bu voyaga yetmagan shaxslar turli yillarda bedarak yo‘qolgan bo‘lgan.

Z. Otaboyev ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, qamoqqa olingan. Hozirda zarur tezkor tergov harakatlari davom ettirilmoqda.