Shotlandiyalik Bryus Grabb Aberdinshirga fermerlik bilan shug‘ullanish maqsadida ko‘chib o‘tdi, deb xabar beradi National Geographic.

Foto: National Geographic

3-fevral kuni yangi uyga ko‘chib o‘tishi munosabati bilan fermer do‘stlari bilan bayram qilayotgan edi. Shunda u chorvadan xabar olmoqchi bo‘lib, tashqariga chiqdi. Axir, uning 200 nafar sigiri yaqin orada bolalashi kerak edi-da.

Fermer molxonaga ketayotganida yo‘lda yotgan yo‘lbarsni ko‘rib, to‘xtadi va politsiya chaqirdi. So‘zlarining isboti sifatida u yo‘lbarsning suratini mutaxassislarga jo‘natdi. Yo‘lbars shu darajada haqiqiy ko‘ringanidan, voqea joyiga yetib kelgan ofitser qo‘shimcha kuch kelmagunicha mashinadan tushishni rad etdi.

Dispetcherlar yaqin oradagi hayvonot bog‘idan yo‘lbars qochib ketmaganiga amin bo‘lguniga qadar fermaga oltita politsiya mashinasi va tezkor guruh otryadi keldi.

Ular hududni o‘rab olib, yirtqich jonivorni kuzata boshladi. Yo‘lbars 45 daqiqadan beri harakat qilmayotganini inobatga olib, politsiyachilar unga yaqinlashdi va jonivorning o‘yinchoq ekanligiga ishonch hosil qildi.

O‘yinchoq haqiqiy yo‘lbars kattaligida edi, bundan tashqari u haqiqiy yirtqichga juda o‘xshardi. Shuning uchun ham, politsiya fermerni yolg‘on chaqiruvda ayblamasdan voqea joyini tark etdi.