Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanidagi yangi ko‘p qavatli uylar qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari o‘tgan yil noyabr oyida Sergeli tumanida foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli yangi uy-joylar bilan tanishib, xonadon sohiblari bilan muloqot qilgan edi. Kelajakda quriladigan bu kabi uylarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar bergandi.

Prezident Sergeli tumanidagi yangi qo‘p qavatli uy-joylar qurilishi bilan tanishdi.

Loyihaga asosan 7 va 9 qavatli 120 ta uy qurilishi boshlab yuborilgan. Uylar mamlakatda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan zamonaviy qilib barpo etilmoqda. Shuningdek, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, dam olish joylari, poliklinikalar, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari va boshqa infratuzilma obyektlari qurilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ushbu turar joylarni joriy yilning sentabr oyida o‘z egalariga topshirish rejalashtirilgan.

Mamlakatda uy-joylar qurilishi hajmi yildan-yilga oshib bormoqda. Shu bois qurilish-pudrat tashkilotlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy bilim va malakaga ega mutaxassislar tayyorlashni kengaytirish zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muhandis va quruvchilar bilan muloqotda odamlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratish, maishiy xizmat ob’ektlarini uylarning birinchi qavatiga joylashtirish zarurligi qayd etildi.