9-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida shoir tavalludining 577 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Unda Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idoralar, ijodiy uyushmalar va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, navoiyshunos olimlar, adib va shoirlar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Foto: O‘zA

O‘zbekiston xalq hofizlari A. Ibrohimov va B. Do‘stmurodov ijrosida Alisher Navoiy g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlar yangradi. Yosh shoir B. Elmurod hazrat Navoiyga bag‘ishlab yozgan she’rini, aktyor S. Sattorov Alisher Navoiyning “G‘aroyib us-sig‘ar” devonini ko‘chirgan kotib Muhammad Yusuf ibn Usta Qalandar Marg‘inoniyning ulug‘ shoirga bag‘ishlangan madhiyasini o‘qib berdi.

Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q. Akmalov ishtirok etdi.

Foto: O‘zA

 Shu kuni poytaxtdagi Shoirlar xiyobonida ham buyuk bobokalon tavalludiga bag‘ishlangan mushoira bo‘lib o‘tdi. Unda yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba va o‘quvchi-yoshlar qatnashdi.

Foto: O‘zA

Alisher Navoiy asarlaridan namunalar o‘qildi. Faol o‘quvchilarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan kitoblar sovg‘a qilindi.

Buyuk shoir tavalludiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlarda bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: O‘zA