Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘rta ta’lim muassasalarining 9-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ingliz tilida “My motivation to study” – “Mening o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqim” mavzusida respublika insholar ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: “Abt.uz”

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi hamda BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO) bilan o‘zaro hamkorligida tashkil etilgan ko‘rik-tanlov “Ta’lim, fan va madaniyat” shiori ostida o‘tkazildi.

Mazkur ko‘rik-tanlov o‘quvchi-yoshlar orasidan ilg‘or, tashabbuskor, ijodkor aniqlash, shuningdek, ularning ijodiy faolligini oshirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish orqali chet tillariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida tashkil qilindi.

Ikki bosqichda (hududiy va respublika) tashkil qilingan tanlov ishtirokchilarning ijodiy ishlari 100 ballik tizimda baholanib, hakamlar hay’ati tomonidan baholash jarayonida insho mazmunining bayon etish ravonligi, o‘quv-uslubiy va didaktik talablarga javob berishi, badiiy saviyasi va haqiqiy misollar orqali ta’sirchanlik darajasi kabi mezonlar e’tiborga olindi.

Tanlovning hududiy bosqichlarida o‘quvchilar tomonidan 3200 dan ortiq insholar kelib tushgan bo‘lib, insholari eng yaxshi g‘oyaga ega bo‘lgan 42 nafar o‘quvchilar yakuniy bosqichga ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Insholar tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari 8—9-fevral kunlari aniqlandi.