Farg‘onada militsiya tayanch punkti inspektori 300 dollar pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Azizbek Mirzayev Farg‘ona shahar IIB huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi militsiya tayanch punktlari voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori lavozimida ishlab kelayotgan edi. Ish faoliyati davomida shahar hududidagi ta’lim muassasalari rahbarlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan inspektor xizmat mavqeidan foydalanib, noqonuniy pul ishlashni rejalashtirdi.
A. Mirzayev 2017-yil iyul oyida tanishi Sh. Akromova o‘g‘lini Farg‘ona shahar 2-tibbiyot kollejiga o‘qishga qo‘ymoqchiligidan xabar topdi. U Sh. Akromovaga kollejda tanishlari borligini aytib, o‘g‘lini o‘qishga kiritib qo‘yishga va’da berdi. Bu ish quruqqa bitmasligiga ishora qilib, “xizmat” uchun vakolatli shaxslarga 300 dollar berishi zarurligini aytdi.
Sh. Akromova huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ariza bilan murojaat qildi. Milliy xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda A. Mirzayev Sh. Akromovadan 300 dollar olayotganida ashyoviy dalil bilan qo‘lga tushdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi A. Mirzayevning qilmishiga yarasha jazo tayinladi.
Izoh (0)