O‘zbekistonning eksportida so‘nggi bir necha yildan beri xizmatlar eksportining ulushi tobora o‘sib bormoqda. Ayni vaqtda, terimiga har yil kuzda minglab boshqa kasb egalari ham jalb etiladigan paxta tolasining eksporti yildan-yilga qisqarib bormoqda. “Daryo” O‘zbekistonning 2006-yildan 2017-yilgacha bo‘lgan eksport ko‘rsatkichlarini bir sahifaga jamlashga urinib ko‘rdi. Bunda O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari va Massachusets texnologiya institutining Media laboratoriyasi tomonidan tayyorlangan OEC loyihasida e’lon qilingan raqamlarga tayanildi.

OEC loyihasida e’lon qilingan raqamlar bo‘yicha O‘zbekistonning eksport ko‘rsatkichlari:

OEC loyihasi asosidagi O‘zbekistonning eksport ko‘rsatkichlari.
Foto: “Daryo”

OEC loyihasida e’lon qilingan raqamlar BMTning UN Comtrade dasturidan olingan va unda, eng asosan, xizmatlar eksportining ulushi hisobga olinmagan. BMTning ushbu sho‘basi esa mazkur statistik axborotni O‘zbekistonning davlat idora va muassasalaridan, shuningdek, O‘zbekiston a’zo hisoblangan xalqaro tashkilotlardan olgan. OEC’dagi bazada eksport qilingan mahsulotlar nomi konkret ko‘rsatilgan, shuningdek, ular nisbatan aniqroq turkumlangan. Xususan, eksport qilingan mashina va uskunalar tarkibida avtomobillarning, oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida meva-sabzavotning ulushini aniq ko‘rish mumkin. Aksincha, paxta xomashyosi va paxta tolasi bilan bog‘liq mahsulotlar turi shu qadar ko‘pki, ularni aniq xomashyo va tola sifatida ajratib olish mushkul. Shu bois, paxta va uni qayta ishlash natijasida hosil bo‘ladigan barcha mahsulotlar yengil sanoatga aloqador bo‘lganidan kelib chiqib, butun to‘qimachilik sanoati bir turkum sifatida ajratildi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosidagi O‘zbekistonning eksport ko‘rsatkichlari:

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosidagi O‘zbekistonning eksport ko‘rsatkichlari.
Foto: “Daryo”

Davlat statistika qo‘mitasi axborotida eksport tarkibi quyidagicha ajratib chiqilgan: paxta tolasi, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar, energiya manbalari va neft mahsulotlari, qora va rangli metallar, mashina va asbob-uskunalar, xizmatlar, boshqalar. Shunday qilib, paxta tolasi — aniq bir mahsulot, biroq eksport qilingan boshqa mahsulotlar tarkibida paxta tolasi va kalava-ipdan tayyorlangan mahsulot turlari ko‘p (OEC ma’lumotlarida bularning bari umumlashtirilib, to‘qimachilikka kiritilgan). Shuningdek, OEC hisobotida alohida ko‘rsatilgan avtomobillar, meva-sabzavot kabilar haqida ham shunday deyish mumkin.

OEC’da keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonga 2015-yili eksportdan eng ko‘p (salkam 1,9 milliard dollar) daromad keltirgan mahsulot — oltin. U “Qimmatbaho metallar” degan turkumga kiritilgan. DSQ hisobotlarida qimmatbaho metallar turkumi yo‘q, unda faqat qora va rangli metallarning ko‘rsatkichi bor — qariyb 822 million dollarlik mahsulot eksport qilingani ko‘rsatilgan. DSQning 2015-yil yakunlari bo‘yicha hisobotida 3,3 milliard dollarlik energiya manbalari va neft mahsulotlari eksport qilingani yozilgan (katta ehtimol bilan, bunda neft va neft-gazdan tashqari, elektr energiya ham hisobga olingan). OEC’da esa faqat neft va neft mahsulotlari (xususan, neft-gaz) ulushi ko‘rsatilgan bo‘lib, bu 604 million dollarni tashkil etgan.

E’tiborga molik qo‘shimcha

Shunday qilib, OEC 2015-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston eng ko‘p oltin eksport qilgan deydi. Salkam 1,9 milliardga. DSQ esa o‘sha yili eng ko‘p energiya manbalari va neft mahsulotlari eksport qilingan, deydi. 3,3 milliard dollarlikdan ko‘proq. Rossiya Markaziy banki bergan ma’lumotga ishonadigan bo‘lsak, o‘sha yili mehnat muhojirlar O‘zbekistonga 2,3 milliard dollardan ko‘proq pul o‘tkazgan. Bu faqat Rossiyadagi o‘zbekistonliklar o‘tkazgan pul miqdori. Boshqa davlatlardagi minglab o‘zbekistonliklar Vatanga qancha pul o‘tkazgani haqida hozircha aniq, rasmiy, ochiq axborot yo‘q.