AQShning Vashington shtati olimlari suvdan vodorod ajratib olishning tez va qimmat bo‘lmagan usulini ishlab chiqdi. Olimlar kimyoviy reaksiya o‘tkazish uchun nikel va temirdan iborat nanoko‘pik shaklidagi katalizatordan foydalanishni taklif qilmoqda. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

Foto: “TASS”

Vodorod yangilanuvchi energiya manbai hisoblanadi. U koinotda eng ko‘p tarqalgan kimyoviy element bo‘lishiga qaramasdan, deyarli sof holda uchramaydi. Vodorodni elektroliz jarayonida olish eng toza usul bo‘lib, buning uchun katalizatorlar — platina kabi Yerda kam uchraydigan metallar zarur. Katalizator va energiya sarfi sababli suv elektrolizi sanoat miqyosiga yetmagan.

Olimlar katalizator sifatida arzon va keng tarqalgan metallardan foydalangan. Suv bilan aloqaga kirishuvchi katta yuza hisobiga nikel va temirdan iborat nanoko‘pik ajralish reaksiyasini yuzaga keltiradi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu material samarali ishlaydi va boshqa katalizatorlarga nisbatan kam energiya talab qiladi.