Yetti yil ishlagan 28 yoshli amerikalik ayol nafaqaga chiqishi uchun zarur pul miqdorini yig‘ib oldi, deb xabar beradi Forum Daily.

Foto: Forum Daily

U Jey Pi Livingston taxallusidan foydalanib, The Money Habit blogini yuritadi. Ayol mazkur blogda yosh paytidanoq moliyaviy boshqaruvni o‘rgangani haqida hikoya qiladi.

Ayol 12 yoshida “Badavlat ota, qashshoq ota” kitobini o‘qib, moliya va investitsiyalarga qiziqib qolgan.

Livingston yetti yil davomida daromadlarining 70 foizdan ko‘prog‘ini yig‘ib, 2,25 million dollarga ega bo‘ldi. U daromadining 40 foizini omadli investitsiyalar, 60 foizini tejamkorlik asosida to‘pladi.

Ayol mazkur mablag‘ 28 yoshida nafaqaga chiqish uchun yetarli, degan qarorga keldi.  Livingston pulni tejash uchun bir nechta psixologik tryuklardan foydalangan.

“Biron narsa xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, uni pul birligi bilan emas, balki vaqtingiz bilan o‘lchang. Masalan, iPhone 800 dollar turadi, deyish o‘rniga, u sizning 60 soat ish vaqtingizga yoki hayotingizning bir yarim haftasiga to‘g‘ri kelishini o‘ylang”, — deydi ayol.

Bu holat esa mazkur xarid sarflagan vaqtingizga arziydimi, deb o‘ylashingizga sabab bo‘ladi.

Livingston pulni tejash uchun inson o‘zining eng katta xarajatlarini aniqlab olishi va ularni qisqartirishi kerakligini tavsiya etadi.

Shuningdek, u daromadlaringiz miqdori ko‘paygan bo‘lsa-da, hashamatli hayot tarzini boshlamaslikni maslahat beradi. Yaxshisi, shu paytga qadar bo‘lgan xarajatlar darajasini saqlab qolgan ma’qul.